Tramp Kiyevga “tinchlik rejasi”ni qabul qilish uchun muhlat berdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukrainaga AQSH taklif etgan “tinchlik rejasi”ga rozilik berish uchun kelasi payshanba – 27 noyabrgacha muhlat berdi. Bu haqda u kecha, 21 noyabr kuni “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

27 noyabr AQSHda Shukronalik kuni nishonlanadi va Tramp fikricha, bu Rossiya bilan urushni yakunlash haqida kelishuvga kelish uchun “muvofiq vaqt” hisoblanadi. 

“Menda ko‘p bora keskin muddatlar bo‘lgan, ammo agar ishlar yaxshi ketsa, odatda ular uzaytiriladi. Lekin payshanba, bizning fikrimizcha, eng mos muddat”, dedi u. 

Tramp shuningdek, Ukraina urushda ham hudud, ham odamlarni yo‘qotib qӯyayotganini qayd etdi.

AQSH Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatish bilan tahdid qilgan

“Reuters” va “The Washington Post”ning yozishicha, AQSH ma’muriyati Zelenskiyni Rossiya bilan tinchlik kelishuvi imzolashga majburlash niyatida. Agar Kiyev rad etsa, Vashington Ukrainaga qurol yetkazib berish va razvedka ma’lumotlarini taqdim etishni to‘xtatish bilan tahdid qilgan.

Trampning “tinchlik rejasi”iga izoh berar ekan, Zelenskiy mamlakat juda og‘ir tanlov oldida qolishi mumkinligini aytdi:

“Yoki qadr-qimmatni yo‘qotish, yoki asosiy hamkordan ayrilish xavfi. Yoki 28 band, yoki juda og‘ir – eng og‘ir – qish va boshqa xatarlar”, dedi u 21 noyabrdagi videomurojaatida.

Shu bilan birga, Zelenskiy AQSH va boshqa hamkorlar bilan muzokaralarni davom ettirishini va Vashington rejasidagi ayrim talablarga alternativ takliflar berishini ma’lum qildi.

Zelenskiy AQSH vitse-prezidenti bilan tinchlik rejasini muhokama qildi

O‘sha kuni Zelenskiy AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens bilan telefon orqali suhbatlashdi. Uning ta’kidlashicha, deyarli bir soatga cho‘zilgan suhbatda Ukrainaga kelgan AQSH armiyasi vaziri Den Driskoll ham ishtirok etgan.

“Biz AQSH taklif qilgan urushni tugatishga doir taklifning ko‘plab jihatlarini muhokama qilishga ulgurdik va mustahkam tinchlikka erishish uchun haqiqatan ishlaydigan, munosib yo‘lni topishga harakat qilmoqdamiz”, deb yozdi Zelenskiy Telegram’da.

Uning aytishicha, AQSH va Yevropa bilan maslahatchilar darajasida birgalikda ish olib borishga kelishilgan.

Bu orada Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva AQSHning bu yangi rejasi bo‘yicha “predmetli muhokama” o‘tkazmaganini bildirdi. 

“Biz rasman hech qanday hujjat olmaganmiz”, dedi u.

Trampning Ukraina uchun “tinchlik rejasi” nima degani?

Reja rasman e’lon qilinmagan, ammo bir qator OAV loyihadan parchalarni chop etgan:

  • Ukraina Rossiyaga hududiy imtiyozlar berishi kerak;
  • Ukraina armiyasi qisqartirilishi kutilmoqda;
  • AQSH va Yevropa Ukrainani tiklashni moliyalashtirishga majbur;
  • Rossiyaga nisbatan xalqaro sanksiyalar bosqichma-bosqich bekor qilinadi;
  • Moskva va Vashington uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlik shartnomasi imzolaydi;
  • “Axios” ma’lumotiga ko‘ra, Kiyevga NATOning 5-moddasiga o‘xshash xavfsizlik kafolatlari beriladi, ya’ni Ukrainaga qilingan harbiy hujum “barcha transatlantik hamjamiyatga hujum” sifatida baholanadi.

Yevropa Ittifoqi bu rejaga ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirdi. Germaniya, Britaniya, Fransiya va Ukraina rahbarlari “muzokaralar nuqtasi” sifatida joriy front chizig‘ini qabul qilishni ma’qul ko‘rmoqda va Ukraina armiyasi suverenitetni himoya qila oladigan darajada qolishi kerakligini ta’kidlamoqda.

Kiyev esa Tramp rejasini muhokama qilishga tayyor, ammo Ukraina hududiy suvereniteti, ittifoqlarni tanlash huquqi va armiya qudrati muzokara mavzusi bo‘lmasligini ma’lum qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Donal'd Tramp Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing