Tojikistonda hayvonlar orasida kuydirgi tarqaldi
Olam
−
04 iyul 4328 2 daqiqa
Joriy yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, Tojikistonda hayvonlarning kuydirgi bilan kasallanishi bo‘yicha 41 ta holat qayd etildi. Bu haqda Tojikiston Sog‘liqni saqlash vazirligining Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasi rahbar o‘rinbosari Navro‘z Jafarov “Asia-Plus” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holatlar Gorno-Badaxshon viloyati va Rasht tumanidan tashqari barcha hududlarda aniqlangan.
Kuydirgi Tojikistonda odatda yoz oylarida, ayniqsa o‘tlar qurib qolganidan keyin keng tarqaladi. Hayvonlar quruq o‘t bilan birga yuqtiruvchi zarralar bo‘lgan tuproqni yeb kasallanadi. Keyinchalik kasallik odamga hayvonlarning juni, terisi yoki xom go‘shtini ishlov berish orqali yuqadi. Kuydirgi bakteriyalari tuproqda 80 yilgacha yashay oladi, ammo infeksiya manbaini aniqlash qiyin, chunki chorva hayvonlari doimiy harakatda bo‘ladi.
Jafarovga ko‘ra, kasallik barcha turdagi uy hayvonlariga yuqishi mumkin. Inson esa yuqtirilgan go‘sht yoki hayvon mahsulotlari orqali kasallanadi. Bemor hayvonlar qat’iy sanitariya qoidalariga muvofiq yo‘q qilinishi kerak. Ularni chuqur ko‘mish ham yetarli emas, chunki mikroblar yana yuzaga chiqishi mumkin.
Yaxshi tomoni shundaki, bu kasallik davolanadi. So‘nggi ikki yilda Tojikistonda kuydirgidan o‘lim holatlari qayd etilmagan. Vaziyatni Sog‘liqni saqlash vazirligi va Oziq-ovqat xavfsizligi qo‘mitasi nazoratga olgan.
2023 yilda 80 ta, 2024 yilda 102 ta holat qayd etilgan bo‘lsa, 2025 yilning 1 iyuligacha 41 ta holat kuzatilgan.
Kuydirgi (Cibir yarasi) – Bacillus anthracis bakteriyasi sababli yuzaga keladigan xavfli infeksion kasallik bo‘lib, asosan hayvonlardan yuqadi. Odamlarda kasallik teri, o‘pka yoki me’da-ichak shaklida kechishi mumkin. Odamdan odamga yuqmaydi. Kasallik asosan kasal hayvon bilan aloqa qilish yoki yaxshi pishmagan go‘sht iste’moli orqali yuqadi. Hatto 100 darajada qaynatilgan go‘sht ham xavfli bo‘lishi mumkin faqat to‘liq qizdirilgan, ichida pushti joy qolmagan go‘sht xavfsiz hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Qostanay viloyati Auliyeko‘l tumani Novoselovka qishlog‘ida brutsellyoz kasalligi tarqalgani sababli karantin choralari joriy etilgandi.
Live
Barchasi