Toshkentdagi “samosud”, 5 viloyatga kelayotgan sel, Isroilni yo‘q qilmoqchi bo‘layotgan Eron va kunning boshqa xabarlari

Jamiyat

image

2 iyul kuni ham nihoyasiga yetyapti. Quyida siz bilan O‘zbekiston, jahon va boshqa sohalarda yuz bergan kunning eng muhim voqealariga to‘xtalib o‘tamiz.

Jamiyat

Mirziyoyev Hisob palatasi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 1 iyul kuni “O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. Mazkur hujjat Hisob palatasining faoliyatini tartibga soladi. Qonunga ko‘ra, Hisob palatasi davlat tashqi auditi va moliyaviy nazoratining oliy organi hisoblanadi.

Nega O‘zbekistonda yo‘lovchi poyezdlarining tezligiga cheklov qo‘yilmoqda?

Shu kunlarda O‘zbekistonda kuzatilayotgan anomal issiq tufayli ba’zi temir yo‘l uchastkalarida yo‘lovchi poyezdlar tezligi cheklanadi. Samarqand - Buxoro, Buxoro - Xiva kabi temir yo‘l uchastkalarida harakatlanish xavfsizligini ta’minlash maqsadida yo‘lovchi poyezdlarning tezligiga cheklov belgilandi.

Abdulla Aripov: O‘zbekiston Afg‘onistonni elektrlashtirishga 45 mln dollar ajratadi

O‘zbekiston Afg‘onistonni elektrlashtirish loyihasiga 45 mln dollar ajratadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Afg‘oniston hukumati rahbari Abdulla Abdulla bilan uchrashuvi vaqtida ma’lum qildi.

Samarqandda 60 nafar bog‘cha bola qurilishi tugamagan binoda nima qilayotgandi?

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi Ichki audit xizmati tomonidan 2018 yilda Toshkent shahri va respublika viloyatlarida maktabgacha ta’lim tashkilotlariga (MTT) tegishli yo‘llanmasiz qatnayotgan 1059 nafar bolalar aniqlandi. 2019 yilning birinchi choragida ushbu ko‘rsatkich 373 nafar bolalarni, shu jumladan 3 yoshga to‘lmagan tarbiyalanuvchilarni tashkil etdi.

Xususan, Samarqand shahridagi 58-sonli MTTda tekshirish o‘tkazilganda, 60 nafar bolalar Maktabgacha ta’lim vazirligi auditorlari tomonidan MTT yaqinida qurilayotgan bino hududida aniqlandi.

O‘zbekistonning 5 viloyatiga sel kelishi kutilyapti

O‘zbekistonning besh viloyatida sel kelishi kutilyapti. Ertaga, 3 iyul kuni Toshkent, Jizzax, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining tog‘ va tog‘oldi hududlarida sel kelishi xavfi mavjud.

Video: Toshkentda mashina o‘g‘riligi ustida qo‘lga tushganlar “samosud” qilindi

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda odamlar turli vaziyatlardagi o‘zlari aybdor deb hisoblagan odamni “samosud” qilishi tez-tez uchrab turibdi. “Samosud” holati tasvirlangan videolar esa ijtimoiy tarmoqlarda yashin tezligida tarqaladi.

Navbatdagi “samosud” Toshkentdagi Qo‘yliq bozorida yuz berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda odamlar o‘g‘rilik ustida qo‘lga tushgan erkaklarni kaltaklayotgani tasvirlangan.

Aholi qo‘lida qolib ketgan 50 va 100 so‘mlik banknotlar almashtirib beriladimi?

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining eski namunadagi (2001-2002, 2004 va 2009 yillar namunasidagi) 50 so‘mlik, 100 so‘mlik tangalari hamda (1994 yil namunasidagi) 50 so‘mlik va 100 so‘mlik banknotlari to‘lov qobiliyatini yo‘qotdi va muomaladan chiqarildi.

2019 yilning 1 iyulidan boshlab bank kassalariga topshirilgan 1997 yil namunasidagi 200 so‘mlik va 1999 yil namunasidagi 500 so‘mlik banknotlar tijorat banklari filiallari tomonidan almashtirib beriladi.

Olam

“Isroilni yarim soatda yo‘q qilamiz”. Eron AQSHga tahdid qildi

So‘nggi vaqtlarda Eron va AQSH munosabatlari havas qilgulik darajada bo‘lmayapti. Eron AQSH dronini urib tushirgan vaziyat yanada qaltislashdi. Bu Fors ko‘rfazida tinchlikka katta xavf tug‘dirishi turgan gap. AQSH Eronga hujum qilishi mumkinligini ochiqchasiga aytib kelyapti. Eron ham bunga jim qarab turmoqchi emas.

Eron parlamentining Milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Mojtaba Zonnur AQSH hujumga o‘tsa, Eron Isroilni yakson qilishini aytdi.

Bugun odamlar ajoyib tabiat hodisasiga guvoh bo‘ladi

2 iyul kuni Yer sayyorasi aholisi Quyoshning to‘liq tutilishiga guvoh bo‘ladi. Tabiatning bu ajoyib hodisasi, ayniqsa, Yerning g‘arbiy yarim sharidan yaxshi ko‘rinadi. Quyosh tutilishi Buenos-Ayres (Argentina) vaqti bilan soat 16:23 da (Toshkent vaqti bilan 00:23 da) boshlanadi va 4 daqiqa 33 soniya davom etadi. Quyosh to‘laligicha yopiladi.

Xitoy AQSH va Rossiyaga jiddiy taklif bilan chiqdi

AQSH va Rossiya yadroviy qurolsizlanish jarayoniga bosh bo‘lishi kerak. Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Gen Shuan shunday bayonot bilan chiqdi.

“Ular (Rossiya va AQSH) ishonchli va shaffof tarzda yadroviy arsenalini qisqartirishi kerak va bu doimiy jarayon bo‘lishi zarur. Bu oxir-oqibat to‘la va keng ko‘lamli yadroviy qurolsizlanishga sharoit yaratadi”, degan diplomat.

RFda suvosti apparatida yong‘in chiqdi. 14 nafar dengizchi halok bo‘ldi

Rossiya Federatsiyasi hududiy suvlarida suv tubidagi ilmiy-tadqiqot apparatda yong‘in chiqishi oqibatida 14 nafar suv osti dengizchisi halok bo‘ldi. Qayd etilishicha, maxsus jamoaning harakati bilan yong‘in o‘chog‘i so‘ndirilgan.

Sport

Ramatov iste’foga chiqadi. O‘FAga yangi prezident saylanadi

2019 yil 15 iyul sanasida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdan tashqari Konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Konferensiya kun tartibidan O‘FA prezidentini saylash masalasi ham o‘rin olgan.

“Yuventus” 6 oy o‘yin amaliyotisiz yurgan futbolchi bilan shartnoma imzoladi

Fransiya terma jamoasi yarim himoyachisi Adriyen Rabo rasman “Yuventus” bilan shartnoma imzoladi. 1 iyul sanasidan e’tiboran erkin agentga aylangan futbochi turinliklar safiga tekinga kelib qo‘shildi. Futbolchi “zebralar” safida 25-raqamli futbolkada harakat qiladi.

Tongda Amerika kubogida finaldan oldingi final o‘tkaziladi

Ayni kunlarda Braziliya yashil maydonlarida "Copa America - 2019" musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda. Musobaqa o‘zining hal qiluvchi pallariga yetib keldi. Ertaga tongda chempionatning yarim finalda mezbon Braziliya terma jamoasi Argentina termasiga qarshi maydonga tushadi.

O‘zbekiston yana bir xalqaro musobaqa mezboniga aylanishi kutilmoqda

Joriy yilning sentyabr oyida O‘zbekiston yana bir xalqaro musobaqa mezboniga aylanishi kutilmoqda. O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi Matbuot xizmatining QALAMPIR.UZ muxbiriga ma’lum qilishicha, kuz faslida Butunjahon etnosport konfederatsiyasi bilan hamkorlikda Xorazmviloyatining Xiva shahrida etnosport bo‘yicha nufuzli xalqaro musobaqa tashkillashtirilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

23

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing