“Tolibon” egallagan Afg‘onistonni kimlar boshqarishi aytildi
Olam
−
24 avgust 2021
20612“Tolibon” harakati rahbariyati Afg‘onistonni boshqarish uchun kengash tuzmoqchi. Unga 12 kishi, shu jumladan, sobiq Prezident Ashraf G‘ani hukumatining ba’zi a’zolari ham kiritiladi. Bu haqda “Foreign Policy” jurnali harakat rahbarlariga yaqin manbalarga tayanib xabar bergan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kengashdagi eng nufuzli uch kishi – “Tolibon” siyosiy qanoti rahbari Abdul G‘ani Barodar, “Tolibon” harbiy komissiyasi rahbari — harakat asoschisi Mulla Muhammad Umarning o‘g‘li Muhammad Yoqub, shuningdek, “Haqqoniy tarmog‘i” guruhining “dala qo‘mondoni” va rahbari Sirojiddin Haqqoniy bo‘lishi kerak.
Ta’kidlanishicha, “Tolibon” Afg‘onistonda Prezident yoki boshqa yagona rahbar lavozimini tiklashni xohlamaydi. Ular AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlangan hukumatning oldingi a’zolariga o‘zlari tanlagan yangi kabinetda vazir lavozimlarini taklif qilmoqchi.
Qayd etilishicha, toliblar mashhur “dala qo‘mondoni” Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’udni ham tarkibda ko‘rishni xohlaydi. Ammo, nashrning ta’kidlashicha, bu ehtimoldan yiroq, chunki Mas’ud hozirda Afg‘onistonning Panjsher viloyatida joylashgan “Tolibon”ga qarshilik ko‘rsatish kuchlarini boshqaradi.
Qayd etish kerakki, bugungi kunda Afg‘onistonda toliblarga qarshi yagona uyushgan harakat bu Panjsher viloyatidagi kuchlar bo‘lib turibdi.
Panjsher — “Tolibon”ga bo‘ysunmagan yagona viloyat
Ushbu viloyat Afg‘onistonning sharqida joylashgan bo‘lib, u yerda taxminan 150 ming aholi yashaydi. Qayd etish kerakki, viloyatning 98 foiz aholisi etnik tojiklardan tashkil topgan. Panjsherda “Tolibon”ga qarshi kuchlar to‘planayotgani ham aytilmoqda va hozirda ushbu provinsiya toliblarga qarshilik ko‘rsatish markazi bo‘lishi taxmin qilinyapti.
Bu yerda Afg‘onistonning bir qator nufuzli siyosiy figuralari jamlangan: mamlakatning 1992-1996 yillardagi Mudofaa vaziri, mashhur “dala qo‘mondoni” Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud, birinchi vitse-prezident Amrulloh Solih, Marshal Abdul-Rashid Do‘stum hamda uning o‘g‘li Yormuhammad Do‘stum. Panjsherda allaqachon "Shimoliy alyans" bayrog‘i ko‘tarilgan.
"Tolibon" pozitsiyalariga qarshi hujumga o‘tgan qarshilik kuchlari bir qancha tumanlarni egallashga ham muvaffaq bo‘ldi.
20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH
2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi. Bu jarayon joriy yilning 31 avgust kuni yakunlanadi.
Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi
Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.
LiveBarchasi