Taniqli jurnalistni o‘ldirish uchun 150 ming yevro to‘lagan biznesmen ushlandi
Olam
−
02 iyul 6228 2 daqiqa
Maltaning eng boy tadbirkorlaridan biri, Yorgen Fenek ustidan 2017 yilda taniqli surishtiruvchi jurnalist Dafne Karuana Galitsiyaning qotilligini uyushtirganlik ayblovi bo‘yicha sud jarayoni boshlandi. Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, Fenek jurnalistni o‘ldirish uchun uch nafar qotilga 150 ming yevro to‘lagan. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 44 yoshli Fenek “Hilton Malta” mehmonxonasi va kazinosini o‘z ichiga olgan yirik mulkchilik imperiyasi vorisi hisoblanadi. U sudda o‘ziga qo‘yilgan ayblarni rad etib, o‘zini aybsiz deb hisoblashini bildirgan.
Dafne Karuana Galitsiya 2017 yil 16 oktyabr kuni uyidan chiqib ketayotganida avtomobiliga oldindan o‘rnatilgan portlovchi moslama ishga tushirilishi oqibatida halok bo‘lgan. Jurnalist korrupsiya, hukumat va yirik biznes vakillariga oid surishtiruvlari bilan tanilgan bo‘lib, uning o‘limi Malta va butun Yevropada katta shov-shuvga sabab bo‘lgan.
Ayblov xulosasiga ko‘ra, qotillik rejasi 2017 yil aprelida tuzilgan. Prokuratura Fenek o‘zining tanishi – taksichi va bukmeker Melvin Teuma orqali qotillarni yollaganini, dastlab 30 ming yevro oldindan to‘langanini ta’kidlagan. Keyinchalik mamlakatda parlament saylovlari e’lon qilingach, reja vaqtincha to‘xtatilgan, ammo saylovdan so‘ng uni amalga oshirishga ko‘rsatma berilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Fenek jurnalist uning qarindoshi, keyinroq esa shaxsan o‘zi haqida fosh etuvchi material e’lon qilish arafasida bo‘lgani uchun qotillikni tezlashtirishni talab qilgan.
Fenek mazkur ish bo‘yicha javobgarlikka tortilgan yetti kishidan sud oldiga chiqqan so‘nggi ayblanuvchi hisoblanadi. Avvalroq ulardan besh nafari aybdor deb topilgan, yana bir kishi esa tergovga hamkorlik qilgani evaziga avf etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistonining “Al Arabiya” telekanalining Yamanda faoliyat yuritgan muxbiri Muhammad Ayda avtomobilga o‘rnatilgan bomba portlashi oqibatida halok bo‘lgan edi.
Live
Barchasi