Tailandda 2 nafar uyg‘ur o‘limga hukm qilindi

Olam

image

Tailand sudi 2015 yilda Bangkok markazida sodir etilgan va 20 kishining hayotiga zomin bo‘lgan portlash bo‘yicha ikki uyg‘ur millatiga mansub erkakni o‘lim jazosiga hukm qildi. Bu haqda sud bayonotiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, hukm bugun, 11 iyun kuni etnik uyg‘urlar – Adem Qaradag‘ va Yusuf Miraliga nisbatan chiqarilgan. Portlash Bangkok markazidagi mashhur Eravan ziyoratgohi hududida sodir bo‘lgan bo‘lib, hodisa oqibatida 20 kishi halok bo‘lgan, yana 120 kishi jarohatlangan. Qurbonlar orasida Xitoydan besh nafar va Gonkongdan ikki nafar fuqaro bo‘lgan.

Sud bayonotida aytilishicha, ayblanuvchilarning harakatlari bir nechta alohida jinoyat tarkibini tashkil etgan. Ular oldindan rejalashtirilgan qotillikda aybdor deb topilgan va bu modda bo‘yicha o‘lim jazosi tayinlangan.

Nashrga ko‘ra, Adem Qaradag‘ va Yusuf Mirali ilgari ham o‘zlariga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etgan. Ularning advokati Chamroyen Panompakakorn hukm ustidan shikoyat qilinishini ma’lum qilgan.

“Qo‘rqmanglar, yana uchta sud instansiyasi bor”, deydi u.

Ikkinchi advokat Chuchat Kanpay esa sud himoya tomoni keltirgan bir qator muhim dalillarni inobatga olmaganini aytgan va apellyatsiya shikoyati berish muddatini uzaytirishni so‘rashini bildirgan. Tailand qonunchiligiga ko‘ra, hukm ustidan bir oy ichida shikoyat qilish mumkin.

Ishning sudga yetib borishiga o‘n yildan ortiq vaqt ketgan. Prokurorlar yuzlab guvohlardan dalil to‘plagan, shuningdek, gumonlanuvchilar uchun munosib tarjimon topishda ham qiyinchiliklarga duch kelgan.

Nashrning yozishicha, 2015 yilgi terakt uchun hech bir guruh javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan. Biroq xavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar bu hujumni Tailand tomonidan bir oy avval 100 dan ortiq uyg‘urni majburiy ravishda Xitoyga deportatsiya qilishga javob sifatida baholab keladi. Xitoy esa Shinjon hududidagi diniy va madaniy erkinliklarga nisbatan qattiq cheklovlar qo‘llayotgani uchun xalqaro tanqidlarga uchrab keladi. Uyg‘urlarning asosiy qismi aynan shu hududda yashaydi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Lin Szyan sud qarorini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

“Jinoyatchilar o‘ta shafqatsiz harakat qilgan va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan”, deydi u.

Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan yili Tailand yana 40 nafar uyg‘urni Xitoyga deportatsiya qilgan. Bu qaror BMT inson huquqlari bo‘yicha ekspertlarining chaqiriqlariga qaramay qabul qilingan. Ekspertlar ular Xitoyga qaytarilgan taqdirda qiynoqlar, yomon munosabat va “tuzatib bo‘lmas zarar” xavfiga duch kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda Oliy harbiy sud sobiq mudofaa vazirlari Vey Fenxe va Li Shanfularni 2 yillik sinov muddati bilan shartli o‘lim jazosiga hukm qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

portlash o'lim jazosi Tailand uyg'ur

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing