Saudiya Arabistoni husiylarga qarshi keng ko‘lamli hujum boshlashi mumkin
Olam
−
31 iyul 3385 2 daqiqa
Saudiya Arabistoni Yamanning markaziy hududlariga quruqlikdan hujum boshlash va Qizil dengizda amaliyotni kuchaytirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bunga husiylarning Saudiya neft eksport yo‘llariga bosim o‘tkazayotgani sabab bo‘layotgani aytilmoqda. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Ar-Riyod Yamanning sharqiy hududlarida qo‘shinlarini qayta joylashtirmoqda. Bu markaziy Yamandagi Al-Bayda viloyati yo‘nalishida ehtimoliy quruqlikdagi hujumga tayyorgarlik sifatida baholanmoqda. Mazkur hudud 2020-2021 yillarda husiylar nazoratiga o‘tgan.
Shu bilan birga, Saudiya Arabistoni Qizil dengiz va Bob al-Mandab bo‘g‘ozida yuk tashuvchi kemalarni husiylar hujumlaridan himoya qilish maqsadida xalqaro dengiz koalitsiyasini tuzishga harakat qilmoqda.
Saudiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, Turkiya, Pokiston, Misr, Sudan va Jibuti kabi davlatlar qatorida jami 14 mamlakat ko‘p millatli dengiz mudofaa koalitsiyasini qo‘llab-quvvatlovchi qo‘shma bayonotni imzolagan. Ar-Riyod, shuningdek, AQSH hamda Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya va Italiyani ham ushbu tashabbusga qo‘shilishga chaqirgan.
Joriy yilning 20 iyul kuni Eron qo‘llab-quvvatlaydigan husiylar Saudiya kemalariga nisbatan blokada joriy etilganini e’lon qilgandi. Ular Saudiya Arabistoni Yamanga nisbatan qo‘llayotgan blokada bekor qilinmaguncha cheklovlarni olib tashlamasligini bildirgan.
25 iyul kuni esa husiylar Saudiya Arabistonining sharqiy neft konlarini Qizil dengizdagi eksport terminali bilan bog‘lovchi infratuzilmaga zarba berganini ma’lum qilgan. Bundan avval esa Saudiya aviatsiyasi husiylar nazoratidagi Hudayda portidagi ob’ektlarga zarba bergan va Qizil dengizda yana bir Saudiya tijorat kemasi hujumga uchragan.
Qayd etilishicha, agar Qizil dengiz orqali Saudiya neft eksporti ham to‘xtasa, Hormuz bo‘g‘ozidagi cheklovlar fonida qirollikning neft eksport imkoniyatlari jiddiy qisqarishi mumkin. Ayni paytda Saudiya neftining yarmidan ko‘pi quvurlar orqali Yanbu portiga yetkazilib, u yerdan eksport qilinmoqda.
Shuningdek, Saudiya Mudofaa vaziri shahzoda Xolid bin Salmon AQSH Prezidenti Donald Tramp va vitse-prezident Jey Di Vens bilan uchrashib, mintaqadagi vaziyatni muhokama qilgan.
Manbalarga ko‘ra, Ar-Riyod o‘z energetika infratuzilmasini himoya qilishga qat’iy bel bog‘lagan bo‘lsa-da, Eron bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri urushni keskinlashtirish tarafdori emas.
Ayni vaqtda Ummon vositachiligida Eron bilan Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatini tiklash bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya joriy yilning 24 iyul kuni Yamanning Hudayda viloyatidagi husiylarga tegishli harbiy ob’ektlarga zarba berganini, mazkur ob’ektlar tijorat kemalariga tahdid solish uchun qo‘llanilganini bildirgan edi.
Live
Barchasi