Saudiya koalitsiyasi Yamandagi husiylar nishonlariga zarba berdi

Olam

image

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya kecha, 24 iyul kuni Yamanning Hudayda viloyatidagi husiylarga tegishli harbiy ob’ektlarga zarba berganini, mazkur ob’ektlar tijorat kemalariga tahdid solish uchun qo‘llanilganini bildirdi. Bu haqda “Reuters” xabar qildi.

Husiylar nazoratidagi “Al Masirah TV” telekanali Saudiya zarbalari Hudayda shahridagi davlat telekommunikatsiya korporatsiyasi ob’ektlariga berilganini xabar qilgan. Shuningdek, telekanalga ko‘ra, Saudiya kuchlari Yamanning g‘arbiy sohili yaqinidagi Kamaran orolini ham nishonga olgan.

Yamandagi Saudiya boshchiligidagi koalitsiya matbuot kotibi Turki al-Moliki shanba kuni tarqatgan bayonotda Hudayda porti nishonga olinmaganini, Hudayda, Ras Iso va Salif portlari hamon dengiz qatnovi uchun ochiq ekani va tijorat kemalarini qabul qilayotganini aytgan.

Koalitsiya o‘z kemalari va Saudiya Arabistoni manfaatlarini himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘rishda davom etishini, agar husiylar “dushmanona harakatlar”ni davom ettirsa, ularga nisbatan “murosasiz” javob qaytarilishini bildirgan.

Yamandagi husiylar nazoratidagi Tashqi ishlar vazirligi 24 iyul kuni bu zarbalar “eskalatsiyaga eskalatsiya bilan javob berish” bosqichining boshlanishi ekanini bildirib, keyingi har qanday voqealar uchun mas’uliyatni Saudiya Arabistoni zimmasiga yuklagan.

Saudiya Arabistoni 2015 yilda Eron qo‘llab-quvvatlaydigan husiylar harakati poytaxtni egallab, xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan hukumatni hokimiyatdan chetlatganidan so‘ng Yamanda yetti yillik urush boshlagan edi. 2022 yilda erishilgan sulh zo‘ravonlik, ochlik va kasalliklar oqibatida yuz minglab insonlar hayotiga zomin bo‘lgan mojarodagi asosiy jangovar harakatlarning katta qismini to‘xtatgan.

Biroq 13 iyul kuni husiylarning Saudiya aeroportiga hujum qilishi hamda Saudiya tankerlariga qilingan hujumlar orqali amalga oshirilayotgan dengiz qamalini e’lon qilishi ortidan sulh izdan chiqqan. Husiylar aeroportga qilingan hujum o‘zlari nazorat qilayotgan aeroportga Saudiya bergan zarbaga javob bo‘lganini, dengiz qamali esa Saudiyaning Yamanga nisbatan qamaliga qarshi javob ekanini aytgan. Saudiya Arabistoni esa bunday qamal mavjudligini rad etgan.

Shuningdek, Saudiyaning NCC MASA kemasi 24 iyul kuni Qizil dengizdagi hujum oqibatida korpusining yengil shikastlanishiga uchragan. Bu haqda Saudiya davlat axborot agentligi SPA Transport bosh boshqarmasi manbasiga tayanib xabar qilgan. Ma’lum qilinishicha, tekshiruvlar kema va uning ekipaji xavfsizligini tasdiqlagandan keyin NCC MASA o‘z yo‘nalishi bo‘ylab harakatni davom ettirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron shu oyda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQQ) qo‘mondonlari, harbiy maslahatchilar hamda raketa va dronlarga oid jihozlarni Yamanga havo orqali yetkazgani aytilgandi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing