Eron Yamandagi husiylarga korpus qo‘mondonlari va raketalarni havodan yetkazgan – OAV
Olam
−
24 iyul 3892 3 daqiqa
Eron shu oyda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQQ) qo‘mondonlari, harbiy maslahatchilar hamda raketa va dronlarga oid jihozlarni Yamanga havo orqali yetkazgani aytilmoqda. Bu haqda “Reuters” manbalarga tayanib xabar qildi.
To‘rt manbaning agentlikka bildirishicha, joriy yil 13 iyul kuni Tehrondan Yamanga amalga oshirilgan Mahan Air reysi orqali 10 nafardan 21 nafargacha IIQQ xodimi, jumladan yuqori lavozimli qo‘mondonlar hamda harbiy jihozlar olib kelingan. Xabarga ko‘ra, samolyot dastlab husiylar nazoratidagi Sano shahriga qo‘nishi kerak edi, ammo aeroport Saudiya Arabistoni qo‘llab-quvvatlaydigan Yaman hukumati hujumiga uchragach, Qizil dengiz bo‘yidagi Hudayda shahriga yo‘naltirilgan.
Manbalardan biriga ko‘ra, IIQQ qo‘mondonlari husiylarning operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash va ularni yangi raketa tizimlaridan foydalanishga o‘rgatish uchun yuborilgan. Shuningdek, samolyotda husiylar faoliyatini moliyalashtirish uchun oltin ham olib kelingani aytilgan.
Eron Tashqi ishlar vazirligi bu xabarga izoh bermagan. Tehron avval ham Yamandagi husiylarga raketa texnologiyalari yetkazib berayotganini bir necha bor rad etgan. O‘zini mazkur samolyot yo‘lovchilaridan biri deb tanishtirgan husiylar ommaviy axborot vositalari vakili Abdul Rahmon al-Ahnomiy Eron Yamanga harbiy mutaxassislar yuborgani haqidagi ma’lumotlarni “yolg‘on va uydirma” deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, samolyotdagi barcha yo‘lovchilar fuqarolar bo‘lgan.
Husiylar ham o‘zlarini Eronning proksi kuchi emasligini ta’kidlab, qurol-yarog‘larini mustaqil ravishda ishlab chiqarayotganini bildirib keladi.
20 iyul kuni husiylar 13 iyul kuni Sano aeroportiga berilgan zarbaga javoban Saudiya Arabistoniga qarshi dengiz blokadasi e’lon qilgan. Ular bu hujumni Saudiya Arabistoni amalga oshirganini aytgan. Bu harakatlar Ar-Riyod va husiylar o‘rtasida to‘rt yil davom etgan sulhning yakunlanganini anglatdi. Kecha, 23 iyul kuni husiylar Saudiya Arabistonining ikki neft tankeriga hujum qilganini ham ma’lum qilgan.
Saudiya Arabistoni qo‘llab-quvvatlaydigan Yaman hukumati Axborot vaziri Muammar al-Iryoni “Reuters” bilan suhbatda IIQQ xodimlari va harbiy jihozlar Yamanga olib kelinganini razvedka ma’lumotlariga tayanib tasdiqlagan.
“Ularning vazifasi guruhning harbiy imkoniyatlarini kuchaytirish va Qizil dengiz hamda Bob al-Mandab bo‘g‘ozida xalqaro dengiz xavfsizligiga tahdid solishga tayyorlashdan iborat”, degan u.
Xavfsizlik va razvedka tahlilchisi Mzahem Alsalum ham 13 iyul kungi reys bilan IIQQ mutaxassislari kelganini tasdiqlagan. Uning aytishicha, yuklar orasida qisqa va o‘rta masofali raketa hamda dronlarga tegishli qismlar bo‘lgan. Bu qurollar avval Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklariga qilingan hujumlarda qo‘llangan tizimlarga o‘xshaydi. Alsalumning so‘zlariga ko‘ra, Tehron o‘tgan yili Isroil bilan urush vaqtida ham harbiy maslahatchilarni Somali orqali Yamanga yuborgan. Eron bu da’voni ham rad etgan.
Husiylar shu oy boshida Sano va Tehron o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilganini e’lon qilib, buni Saudiya Arabistoni joriy etgan, deb hisoblayotgan blokadani yumshatishga xizmat qilishini aytgan.
20 iyul kuni Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiy 13 iyul kungi reys Tehronga Oliy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiyning janozasida qatnashish uchun kelgan husiylar delegatsiyasi hamda Eronda davolangan yamanlik fuqarolarni vataniga qaytarish maqsadida amalga oshirilganini bildirgan. 3 iyul kuni samolyot 200 nafarga yaqin yo‘lovchini, jumladan yuqori lavozimli amaldorlar, ayollar va bolalarni janoza marosimi uchun Eronga olib borgan.
Manbalarning aytishicha, 13 iyul kuni qaytish reysida delegatsiya a’zolari bilan birga IIQQ qo‘mondonlari va maslahatchilari ham bo‘lgan. Samolyot Sano aeroportiga qo‘na olmasdan, hukumat kuchlari zarbasi sababli Hudaydaga yo‘naltirilgan. Husiylar harbiylari aeroportga hujum qilgan Saudiya Arabistoni harbiy samolyotlari Yaman havo hududini tark etishga majbur bo‘lganini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi