Kurs UZS

USD

12 925.20

-11.96

EUR

13 982.48

45.28

RUB

152.58

-1.97

Korrupsion shou. Samarqanddagi hibs qonuniymi?

Tahlil

“Qilmishida jinoyat tarkibining mavjudligi aniqlangan har bir shaxs javobgarlikka tortilishi shart”. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 10-modda.

Ammo shaxslarni gumonlanuvchi yoki ayblanuvchi tariqasida qo‘lga olish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida belgilab qo‘yilgan normalar asosida amalga oshirilishi kerak, biroq “salla desa, kallani olish” – biznikilarga xos.

14 fevral kuni Samarqandda Bosh prokuror o‘rinbosari Shohrux Aminov o‘tkazgan energetika sohasida sodir etilayotgan korrupsion holatlar bo‘yicha yig‘ilishda “Hududiy elektr tarmoqlari” va “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatlari mas’ullari ishtirok etgan va korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir qilganlikda gumonlangan 7 nafar xodim protsessual tartibda ushlangan. Shundan so‘ng ularning qo‘llariga kishan solinib turgan suratlari e’lon qilindi va bu keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Masalan, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari “Keyingi yig‘ilishga keladiganlar ertalab ota-onasi, xotin, bola-chaqasi bilan vidolashib, xayr-xo‘shlashib, majlisga borishi, sizningcha, yaxshi holatmi?”, “Amali pastroq, jinoyatining ahamiyati ham haminqadar bo‘lganlarni xohlashsa majlis paytida kishan taqib olib ketishadi. Yuzlarini ochiq ko‘rsatib, shaxsiy ma’lumotlarini ham oshkor qilishadi. Ammo katta nahanglarga negadir bunaqa yo‘l tutilmaydi. Nega shunaqa?” kabi izohlarni qoldirishmoqda. Shuningdek, jamoatchilik faollari xususan, Qobil Xidirov (davletovuz) va Rasul Kusherbayev kabilar bu holatni “shou” deb atadi.

Kunda, kunora qaysidir viloyatda qanchadir kub metrlik gaz o‘g‘irlangani haqidagi xabarlarga ko‘zimiz tushadi. Yuqorida qo‘lga olingan 7 nafar xodim ham katta ehtimol bilan ancha-muncha gazni talon-toroj qilganlikda gumonlanayotgan bo‘lsa kerak. Lekin ularning yuzga yaqin xodimlar qarshisida qo‘lga olinishi juda ajablanarli. Katta ehtimol bilan ular hamma qatori “majlisga kelinglar” deb chaqirtirilgan va qo‘lga olingan. Jamoatchilik faollari ularning gaz o‘g‘irlaganiga emas, balki hammaning oldida sazoyi qilinib, qo‘lga olinganiga e’tibor qaratmoqda. “Sizniki, bizniki, hammamizniki” deb baralla aytganimiz yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham aybsizlik prezumpsiyasi haqida aniq yozib qo‘yilgan. O‘zi gumonlanuvchi shaxsni shu tariqa qo‘lga olish qanchalik qonuniy yoki sobiq deputat aytganidek, bu haqiqatdan ham “shou”mi?

QALAMPIR.UZ ayni shu savol bilan advokat Abdumalik Abdullayev bilan bog‘landi. U bu holatni repressiv yondashuv deb atadi.

“Avvalo, korrupsiyaga biz ham boshqalar kabi murosasizmiz. Biroq amaldagi qonunchilikka muvofiq, unga qarshi kurashishning va bu haqidagi axborotlarni tarqatishning o‘ziga yarasha belgilangan qoidalari, talablari bor. Birinchidan, shaxs ayblangan bo‘lsa, aynan gumon qilinuvchi tariqasida ushlanmaydi. “Ayblangan” degan so‘z zamirida hukmiy yondashuv bo‘lib, bu sudning qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmi chiqarilganligini ifodalab qo‘yadi. Ikkinchidan, shaxsni gumon qilinuvchi tariqasida ushlash uchun albatta, u aynan gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etish uchun jalb qilinganligi haqidagi surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorning qarori bo‘lishi talab etiladi. Uchinchidan, suratlarda o‘sha 7 nafar shaxslarning qo‘llariga qo‘lkishani (naruchnik) solinganligini ko‘ramiz. “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunning maxsus vositalarni qo‘llashga oid 23-moddasiga ko‘ra, qo‘lkishani maxsus vosita hisoblanadi va uni qo‘llashning o‘ziga yarasha asoslari keltirilgan. Lekin yuqoridagi manzarada ularga nisbatan qo‘lkishani qo‘llashning asoslaridan birortasini topmadik va shu bois ham, ushbu manzarani biz, ushlangan shaxslarning shaxsiyatlariga nisbatan omma qarshisidagi repressiv yondashuv, deb hisoblaymiz”, deydi advokat.

Shuningdek, advokat Xayrulla Qosimov ham shu haqda post yozib, shaxslarning qadr-qimmatini kamsitish mumkin emasligini ta’kidladi.

“Yig‘ilishga deb kelgan ushbu xodimlar hammaning ko‘z o‘ngida qo‘liga kishan taqib olib chiqib ketilgan. To‘g‘ri, ular gumonlanuvchi bo‘lishi mumkin, lekin bu degani ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish mumkin degani emas”, degan advokat.

Shuningdek u Konstitutsiyaning 13-moddasida inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, 26-moddasida, insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi va hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi, 60-moddasida, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa insonlarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburligini ta’kidlagan. Bundan tashqari, advokat Jinoyat-protsessual kodeksining 17-moddasiga ko‘ra sudya, prokuror, tergovchi va surishtiruvchi ishda qatnashayotgan shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishlari shartligi; Inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan, uning shaxsiy hayotiga taalluqli ma’lumotlar tarqalib ketishiga olib keladigan, sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yadigan, asossiz ravishda unga jismoniy va ma’naviy azob-uqubat yetkazadigan harakatlar qilish yoki qarorlar chiqarish taqiqlanishini eslatib o‘tgan.

Korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir qilganlikda gumonlangan 7 nafar xodimning qo‘lga olinishi va bunga jamoatchilikning fikrini jim kuzatayotganlar talaygina. Albatta, ular orasida jinoyat sodir qilganidan keyin qamaladi-da, deydiganlari ham topiladi. Albatta, siz haqsiz! Jinoyat sodir etgan har bir shaxs qo‘lga olinishi va jazo olishi shart. Ammo jinoyatchi ham O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi ekani va uning huquqlari qonun bilan himoyalanganini esdan chiqarmaslik lozim.

Yodingizda bo‘lsa, 2022 yilning 11 dekabr kuni o‘sha vaqtda Prezident Administratsiyasi rahbari bo‘lgan Sardor Umurzoqov boshchiligida o‘tkazilgan aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan mutanosib ta’minlash masalalari bo‘yicha Respublika shtabining yig‘ilishida “Hududgazta’minot”ning Toshkent viloyati filiali direktori qamoqqa olingan va bu haqdagi suratlar ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan edi. Ana o‘sha vaqtda ham tanqid qilingan masala qo‘lga olingan mansabdorning yuzi ochiq holda berilgani va hali aybi isbotlanmay turib, uning ham qo‘liga kishan taqilgani bo‘lgandi.

“Afandining gapi to‘g‘ri: bu dunyoda hamma o‘g‘ri...mi?”

Ko‘pincha, hali ichki talabni qondira olmagan energiya resurslarining eksport qilinishi tanqid ostiga olinadi. Ammo yuqoridagi kabi xabarlar eksport qilinayotganini qo‘ya turing, mamlakat ichidagi energetikaning ham manzillarga yetib bormayotganini anglatadi. Bunda ba’zi mas’ullarning ham “xizmatlari katta”ligi ham sir emas. Xususan, “O‘zenergoinspeksiya”ga tayanib, Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, 2024 yil 1 dekabrdan joriy yil 15 fevralgacha (77 kun) bo‘lgan muddatda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish oqibatida davlat manfaatlariga 210 milliard 428,2 million so‘m zarar yetkazilgan. Xususan, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishga oid 167 ta holatda jami 82 million 158,9 ming kub metr tabiiy gazdan asossiz foydalanilgani aniqlangan.

Bundan tashqari, “Hududgazta’minot” AJning bergan ma’lumotiga ko‘ra, jamiyat mas’ul xodimlari tomonidan mazkur davrda 6472 ta noqonuniy foydalanish holati aniqlangan. Ushbu holatlar bo‘yicha 50 million 890 ming kub metr tabiiy gaz uchun 117 milliard 300 million so‘m miqdorida qayta hisob-kitob qilingan. Qolaversa, shu vaqt oralig‘ida 4942 dona maishiy gazballonida 77,8 tonna (36 ming kub metrga teng) hajmdagi suyultirilgan gazning noqonuniy sotilishi oldi olingan.

Shuningdek, vazirlikka ko‘ra, mazkur hisobot davrida noqonuniy foydalanilgan tabiiy gaz hajmi 133 million 84,9 ming kub metr bo‘lib, bu miqdordagi tabiiy gaz 266 ming 170 ta xonadonning qishki davrdagi bir oylik me’yoriy bazasiga tengdir. Qolaversa, agar ushbu gaz resurslaridan oqilona foydalanilganida, metan “zapravka”lar 10 kun davomida uzluksiz ishlash imkoniyatiga ega bo‘lardi.

Bir diqqat qiling-a, biz hozir o‘qigan raqamlar to‘g‘rirog‘i, yo‘qotilgan energetik resurslar bor-yo‘g‘i ikki yarim oy muddatdagisigina, xolos. Yillik hisobotlarda bu raqamlar qanchalik kattalashib ketishini o‘ylashga-da qo‘rqasan, kishi. Qolaversa, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etayotgan “mas’ullar” faqat Samarqanddagina bo‘lmasa kerak…

Energetika – og‘riqli masala

Takror-takror aytilganidek, energetika o‘zbekistonliklarning yangi yarasi emas, faqat ba’zi mavsumlarda unga tuz sepilib ketadi. Qishning sovug‘i, yozning issig‘idan tashqari, oshirilgan tariflar va qo‘yilgan limitlarni ham mana shunday tuzlar jumlasidan desak, bo‘ladi. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ning “Byudjet. Teshik tog‘ora” sarlavhali tahliliy ko‘rsatuvida batafsil keltirilgan. Hozir esa energetika sohasining prezident aytganidek, ichidan yemirilganiga diqqat qilsak. 2023 yilning 16 yanvarida Shavkat Mirziyoyev energetika tizimida yuzaga kelgan muammolar yuzasidan videoselektr yig‘ilishi o‘tkazib, mas’ullarni tanqid qilgan va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevni ishdan olgandi. Yig‘ilishda shaharning o‘nlab mahallalarida elektr va gaz ta’minotida uzilishlar bo‘lgani, ayrim transformator va past kuchlanishli tarmoqlar ortiqcha yuklamaga bardosh berolmay ishdan chiqqani, buning sababi esa qurilishga ruxsat berilganida, mavjud infratuzilmaga yuklama bo‘yicha aniq hisob-kitob qilinmagani va poytaxtning Bosh rejasi haligacha tasdiqlanmagani ta’kidlangandi. Ma’lum qilinishicha, ruxsatsiz qurilgan ob’ektlar soni 250 dan oshib ketgan edi.

“Elektr va gaz tarmoqlarida talon-torojlik bo‘lganini, tuman hokimlari va sektor rahbarlari, elektr va gaz idoralari boshliqlari bilmasmidi?”, deya savol qo‘ygan davlat rahbari.

Bu voqeaga ham hash-pash deguncha ikki yil to‘libdi, ammo mavzu hamon aktual. Bu shuni anglatadiki, prezidentning ogohlantirishlari kerakli odamlarga yetib bormayapti.

Biz yuqorida so‘z yuritganimiz xalqqa yetib bormayotgan mamlakat ichidagi energiya resurslari haqida edi, ammo undan olib chiqib ketilayotganlarichi? Energiya taqchilligi muhokamadan tushmayotgan davlat uni eksport qilayotgani va buni karrasiga oshirayotganiga nima deysiz?

2024 yilning noyabrida Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov 2030 yilga borib O‘zbekiston Yevropa davlatlariga 10-15 milliard kVt/soat elektr energiyasi eksport qilishi mumkinligini bildirdi.

“2030 yilda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj 120−125 milliard kVt/soat atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bizda ko‘plab generatsiya ob’ektlari mavjud – taxminan 135 milliard kVt/soat. Infratuzilma tayyor bo‘lishi bilan elektr energiyasini Yevropaga eksport qilish mumkin”, degan u.

Gap elektr energiyasini Yevropaga “yashil yo‘lak” orqali yetkazib berish haqida bormoqda. O‘zbekiston 2030 yildan boshlab mamlakatda ishlab chiqarilgan ortiqcha “yashil” elektr energiyasini Ozarbayjon orqali Yevropaga eksport qilishni rejalashtirmoqda. O‘tgan yilning iyulida Ostona shahrida O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘iston “Markaziy Osiyo — Ozarbayjon — Yevropa” “yashil energetika” yo‘lagini yaratish loyihasi bo‘yicha protokol imzolagandi.

2024 yilning 6 avgustida Ostonada Markaziy Osiyo davlatlari energetika vazirlarining birinchi yig‘ilishida ishtirok etgan energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Ozarbayjon axborot agentligiga intervyu bergan va O‘zbekiston elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qoplaganini, shunga ko‘ra, mamlakat Yevropaga 2 dan 5 GVtgacha energiya yetkazib berishga tayyorligini aytgandi. O‘zbekistonliklar vazirning bu gaplariga qanchalik qo‘shiladi?

Eksport qilayotganimiz faqat elektr emas, ro‘yxat boshida gaz ham bor. O‘zbekiston ichki gaz ishlab chiqarish hajmi kamayishi va import 1,55 milliard dollarga yetganiga qaramay, gaz eksport qilishni davom ettirmoqda. Statistikaga ko‘ra, O‘zbekiston asosan Xitoy va Tojikistonga gaz eksport qilmoqda. Xitoy Bosh bojxona boshqarmasining 2024 yilning dekabrida e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon Xitoy O‘zbekiston gazini 667,4 mln dollar qiymatida import qilgan. Bu o‘tgan yilning shu davridagi (470,3 mln dollar) ko‘rsatkichdan qiymat jihatidan 27,1 foiz ko‘pdir.

Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov aytganidek, “nasib bo‘lsa, tariflar yana oshadi”. Chunki aholi iste’mol qilayotgan energetika hamon o‘zini-o‘zi qoplay olmayapti. Lekin shu o‘rinda savol tug‘iladi: eksport qilinayotgan energetik resurs narxlari o‘zini-o‘zi qoplaydigan darajadami? Biz buning javobini bilmaymiz, chunki bunday ma’lumotlar “shartnomalar maxfiyligi” bois ochiqlanmaydi. Ammo kasalini yashirsang, isitmasi oshkor qiladi deganlaridek, mavjud vaziyat qachondir qaysidir kanal orqali albatta sizib chiqadi.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya energetika hibs konstituttsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing