Samarqandda o‘rmon yonib ketdi

3-sahifa

image

Samarqand viloyatidagi Kattaqo‘rg‘on davlat o‘rmon xo‘jaligi o‘rmon fondi hududining 10 gektardan ortiq hududida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Samarqand viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasiga Kattaqo‘rg‘on davlat o‘rmon xo‘jaligi o‘rmon fondi hududining ma’lum qismi yoqib yuborilgani haqida murojaat tushgan.

Holat viloyat ekologiya boshqarmasi, tuman hokimligi, prokuratura va mas’ullar ishtirokida joyiga chiqqan holda o‘rganilgan. Natijada o‘rmon xo‘jaligi hududining 10,5 gektar maydonida yong‘in bo‘lgani hamda 7,4 gektar yer maydoni yong‘indan zararlangani ma’lum bo‘lgan.

Ushbu qonunbuzarlik oqibatida O‘zbekiston Respublikasi “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 20-21-moddalari, “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 37-moddasi hamda “O‘rmon to‘g‘risida”gi qonunning 57-moddasi talablari buzilgan.

Bildirilishicha, o‘rganish davomida yong‘in sodir bo‘lgan 10,5 gektar yer maydonidagi manzarali daraxtlar xatlovdan o‘tkazilgan. Natijada 7,4 gektar yer maydonidagi 116 tup jiyda, 5 tup tol hamda 49 580 tup yulg‘un butalari shikastlangani aniqlangan. Tabiatga jami 1 milliard 884 million 675 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan. Hujjatlar holatga qonuniy baho berish uchun prokuratura organlariga taqdim etildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani “Ma’rifat” MFYda Burchmullo o‘rmon xo‘jaligiga qarashli hududdagi 1,5 gektar maydonda yong‘in yuzaga kelib, oqibatda ushbu hududdagi quruq o‘t va shox-shabba yongan edi.


Maqola muallifi

Teglar

yong'in Samarqand Kattaqo'rg'on o'rmon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing