Putin ham Mirziyoyevni qutladi
Jamiyat
−
24 iyul 5416 2 daqiqa
Bugun, 24 iyul kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni tug‘ilgan kuni munosabati bilan tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Putin O‘zbekiston yetakchisiga mustahkam sog‘lik, farovonlik va davlat rahbari sifatidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilagan.
“Hurmatli Shavkat Miromonovich! Tavallud kuningiz munosabati bilan sizni samimiy muborakbod etaman. Siz xalqingiz orasida va xalqaro maydonda yuksak obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgansiz. Sizning rahnamoligingizda O‘zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot yo‘lidan ishonch bilan ilgarilamoqda, mintaqaviy va xalqaro masalalarda konstruktiv rol o‘ynamoqda”, degan Rossiya rahbari.
Prezident Putin Prezident Shavkat Mirziyoyev ikki mamlakat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shayotganini ta’kidlagan.
“Biz, shubhasiz, Rossiya va O‘zbekistonning do‘st xalqlari farovonligi yo‘lida mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash manfaatlarini ko‘zlab, ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari bo‘yicha birgalikda ishlashda davom etamiz”, degan Putin.
Ma’lumot uchun, bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 68 yoshga to‘ldi. Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma’lumotli, 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishladi. 1990 yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi. 1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. 1996-2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi.
Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995-2003 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib bordi.
Shavkat Mirziyoyev 2003 yilda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlandi va ushbu lavozimga yana uch marta – 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlandi.
U 2016, 2021 va 2023 yillarda bo‘lib o‘tgan prezident saylovlarida g‘alaba qozonib, O‘zbekiston Prezidenti etib saylandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda uning otasi, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston rahbariga tabrik yo‘llagandi.
Live
Barchasi