Portugaliya futbolchilariga O‘zbekiston bilan o‘yin katta ekranda qo‘yib berildi (video)

Sport

image

Portugaliya terma jamoasi futbolchilari 2026 yilgi Jahon chempionatida O‘zbekistonga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvni tahlil qildi. Ushbu holat aks etgan video Portugaliya futbol federatsiyasi matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

Unda Brunu Fernandesh va Nuno Mendesh kabi futbolchilar O‘zbekistonga qarshi kechgan bahsning muhim vaziyatlarini katta ekranda qayta tomosha qilib, tahlil qilayotgani aks etgan. “Qaydlar oling. Ko‘rib chiqing. Tahlil qiling. Yaxshilang”, deya yozilgan video izohida.

Ma’lumot uchun, Jahon chempionati guruh bosqichining ikkinchi turida Portugaliya O‘zbekistonni 5:0 hisobida mag‘lub etgan edi. Portugaliyaliklar safida Krishtianu Ronaldu dubl qayd etdi, Nuno Mendesh va Rafael Leau bittadan gol urdi. O‘zbekiston terma jamoasi darvozaboni Abduvohid Ne’matov esa avtogolga mualliflik qildi.

Ushbu g‘alabadan so‘ng Portugaliya “K” guruhida 4 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. O‘zbekiston esa hali ochko jamg‘ara olmagan holda guruhda to‘rtinchi o‘rinda turibdi. Guruh bosqichining so‘nggi turida Portugaliya Mayami shahrida Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi. O‘zbekiston esa Atlanta shahrida Kongo Demokratik Respublikasi bilan bahs olib boradi.

Eslatib o‘tamiz, Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoasi bosh murabbiyi Sebastyan Desabr O‘zbekistonga qarshi bo‘lajak uchrashuvda tavakkal qilishini va faqat g‘alaba uchun o‘ynashini aytgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing