Politsiya adashib 9 yoshli qizni otib o‘ldirdi
Olam
−
15 iyun 1518 2 daqiqa
Pokistonning Panjob viloyatidagi Chakval shahrida politsiya tomonidan avtomobilga adashib o‘q uzilishi oqibatida avstraliyalik 9 yoshli qiz halok bo‘ldi, uning ikki nafar oila a’zosi esa jarohat oldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, voqeadan so‘ng avtomobilga o‘q uzgan politsiyachi hibsga olingan. Avstraliyaning Pert shahri yaqinidagi Kevdeyl tumanida yashovchi, asli pokistonlik oila ta’til uchun qarindoshlarini ko‘rgani Chakvalga kelgan. Ular qurollangan bosqinchilar tomonidan talonchilikka uchragan.
Voqeaga guvoh bo‘lgan politsiyachi jinoyatchilarga o‘q uzgan. Bosqinchilar mototsiklda qochib ketgan, biroq voqea joyiga yetib borgan boshqa politsiyachilar oila ketayotgan avtomobilni jinoyatchilarniki deb o‘ylab, unga qarata o‘t ochgan.
“Politsiyachilar tezlik bilan uzoqlashayotgan avtomobilni bosqinchilarga tegishli deb hisoblab, mashinaga tartibsiz ravishda o‘q uzgan”, deydi mahalliy politsiya vakili.
Oqibatda 9 yoshli Haniya Ahmad og‘ir yaralangan va shifoxonada vafot etgan. Uning otasi hamda akasi jarohat olib, Ravalpindidagi shifoxonaga yotqizilgan. Ularda jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Qizning onasi esa jabrlanmagan.
Hodisa yuzasidan tergov boshlangan. Politsiya aybdorlar aniqlansa, ularga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishini bildirgan. Shu maqsadda maxsus qo‘shma tergov guruhi tuzilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, marhum qizning ota-onasi Haj safaridan qaytgan kunning o‘zida ushbu fojiaga duch kelgan. Bosqinchilar ulardan taxminan 500 ming Pokiston rupiyasi qiymatidagi taqinchoqlarni olib ketgan.
Avstraliya Tashqi ishlar va savdo vazirligi oilaga konsullik yordami ko‘rsatilayotganini ma’lum qilgan. G‘arbiy Avstraliya bosh prokurori Toni Buti hodisani “juda ayanchli fojia”, deb atagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil askarlari tomonidan G‘arbiy Sohil hududida 7 oylik chaqaloq otib o‘ldirilgan edi.
Live
Barchasi