Polshada Belarus razvedkasiga ishlagan 2 josus qo‘lga olindi

Olam

image

Bugun, 2 iyul Polsha xavfsizlik xizmati Belarus razvedkasi foydasiga josuslik qilganlikda gumon qilingan ikki shaxsni qo‘lga oldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Polsha xavfsizlik xizmati matbuot kotibi Yasek Dobjinskiyning ma’lum qilishicha, gumondorlar Varshavada yashovchi belaruslik muhojirlar hamjamiyati tashkil etgan tadbirlarda qatnashib, ishtirokchilarni yashirin tarzda suratga olgan va videoga yozib borgan. To‘plangan materiallar sharqiy chegara orqali Belarusga uzatilgan va Lukashenko xizmati hamda rejim targ‘ibotida foydalanilgani aytilmoqda.

Sud qaroriga ko‘ra, 19 yoshli Belarus fuqarosi uch oy muddatga qamoqqa olingan. 44 yoshli Polsha fuqarosiga esa mamlakatni tark etish taqiqlangan va u politsiya nazoratiga olingan. Varshavadagi Belarus elchixonasi hozircha ushbu holat yuzasidan rasmiy izoh bermagan.

Ma’lumot uchun, Polsha rasmiylari so‘nggi yillarda Belarus va Rossiyani o‘z hududida josuslik hamda ta’sir o‘tkazish operatsiyalarini amalga oshirishda bir necha bor ayblagan. Minsk va Moskva esa bunday ayblovlarni rad etib keladi.

Polshaning Ichki xavfsizlik agentligi xorijiy razvedka xizmatlari faqat ma’lumot yig‘ish bilan cheklanmay, balki muhojirlar hamjamiyatiga bosim o‘tkazish, ularni qo‘rqitish hamda dushman davlatlar targ‘ibotini kuchaytirishga ham urinayotganini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Polshada josuslikda gumonlanib qo‘lga olingan shaxslar orasida Belarus fuqorolari ham borligi aniqlanib, holat yuzasidan Polsha Tashqi ishlar vazirligi Belarusning Varshavadagi elchixonasi vakili Aleksandr Chesnovskiyni chaqirtirgandi.

Mumtozbegim Abdumo‘minova


Maqola muallifi

avatar

.

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing