Patrushev MDHdagi hamkasblariga yana AQSHdan hasrat qildi
Olam
−
08 noyabr 2023 5915 2 daqiqa
Vashington boshchiligidagi G‘arb “nomaqbul mamlakatlar”dagi vaziyatni beqarorlashtirishga maqsadli harakat qilmoqda, u yerdagi inqirozli vaziyatlarni qo‘zg‘atmoqda va qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu haqda Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev Moskvada o‘tgan MDHdagi hamkasblari bilan uchrashuvda so‘z ochgan.
“Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Ikkinchi jahon urushidan keyin paydo bo‘lgan xalqaro huquq tizimini muntazam ravishda yo‘q qilib, dunyoga faqat o‘zlari tomonidan, faqat o‘z manfaatlarini ko‘zlashga asoslangan tartib deb atalmish qoidalarni o‘rnatmoqda”, deydi u.
Patrushevning fikricha, G‘arb davlatlari shantaj, jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilish, kuch ishlatish bilan tahdid qilish va hokimiyatni konstitutsiyaga zid ravishda o‘zgartirishga urinish kabi turli xil majburlash vositalaridan foydalanadi.
“Nomaqbul” mamlakatlardagi vaziyatni maqsadli ravishda beqarorlashtirish, dunyoning turli mintaqalarida inqirozli vaziyatlarni yaratish va keyinchalik saqlab qolish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, NATO nihoyat G‘arbning kollektiv tajovuzkorligi quroli sifatida shakllandi”, deydi u.
Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibining ta’kidlashicha, Vashington, London va Bryussel o‘z xatti-harakatlarini oqlash uchun sodir bo‘layotgan voqealar va ayrim xatti-harakatlarning xalqaro huquq normalariga muvofiqligini baholashda ikki tomonlama standartlarni ochiq ko‘rsatmoqda.
“Bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Kiyev rejimining jinoyatlarini rag‘batlantirib, Moldovada qonunlar va inson huquqlarining qo‘pol buzilishiga ko‘z yumib, Rossiya va Belarusni qoralaydi, Qozog‘iston va O‘zbekistondagi voqealar yuzasidan tergov o‘tkazilishini talab qiladi, o‘zboshimchalik bilan bir tomonlama cheklov choralarini kiritadi”, deydi u.
Patrushevning so‘zlariga ko‘ra, qadriyatlar va mafkuralar o‘rtasidagi qarama-qarshilik hozir o‘tkir bosqichga kirdi.
“Kollektiv G‘arbning sivilizatsiya xilma-xilligini yo‘q qilishga, hamma joyda neoliberal mafkuraviy yo‘nalishlarni va umuminsoniy demokratik qadriyatlar niqobi ostida tajovuzkor individualizmni joriy etishga bo‘lgan uzluksiz urinishlari, ayniqsa, an’anaviy ijtimoiy, ma’naviy va axloqiy asoslar mustahkam bo‘lgan mamlakatlarda tobora ko‘proq rad etilishiga sabab bo‘lmoqda”, deb ta’kidlaydi u.
Eslatib o‘tamiz, Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov “Rossiya” xalqaro ko‘rgazma-forumi doirasidagi “Bilim” jamiyati marafonida anglo-cakson kuchlari Yaqin Sharqni katta urush jariga itarayotgani va G‘arbning bu chizig‘i an’anaviy ravishda terrorizmning kuchayishiga hamda ko‘p millionli qochqinlar oqimiga olib kelayotganini aytgan edi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning fikricha, AQSHni butun dunyoni o‘z to‘riga tortmoqchi bo‘lgan o‘rgimchakka qiyosladi. Uning bildirishicha, ayni paytda Vashington Ukrainada o‘zi aldagan odamlardan o‘z maqsadlariga erishish uchun foydalanmoqda.
Live
Barchasi