Pashinyan iste’foga chiqdi (video)
Olam
−
12:19 8340 2 daqiqa
Bugun, 2 avgust kuni Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan hukumat iste’foga chiqqanini ma’lum qildi. U tegishli bayonotni o‘zining Telegram-kanalida e’lon qildi.
Iste’fo shakliy xarakterga ega bo‘lib, mamlakat Konstitutsiyasida nazarda tutilgan. Yangi saylangan Milliy majlisning birinchi majlisi bo‘lib o‘tadigan kuni hukumat parlamentning yangi tarkibi oldida o‘z vakolatlarini topshirishi shart. Shu bilan birga, hukumat a’zolari yangi kabinet shakllantirilgunga qadar o‘z vazifalarini bajarishda davom etadi.
Pashinyan hukumatning iste’fosi haqidagi imzolangan ariza Armaniston Prezidenti Vaagn Xachaturyanga yuborilganini ma’lum qilgan. Yangi saylangan Milliy majlisning vakolat muddati boshlanganidan so‘ng Prezident Konstitutsiyaga muvofiq, parlamentdagi ko‘pchilik tomonidan ko‘rsatilgan nomzodni zudlik bilan bosh vazir etib tayinlaydi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 7 iyun kuni Armanistonda Milliy majlisga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Saylov yakunlariga ko‘ra, Nikol Pashinyanning “Fuqarolik shartnomasi” partiyasi 49,74 foiz (64 ta mandat), “Kuchli Armaniston” 23,27 foiz (29 ta mandat), “Armaniston” alyansi esa 9,92 foiz (12 ta mandat) ovoz to‘pladi. Parlamentdagi ko‘pchilik o‘rin sababli “Fuqarolik shartnomasi” yangi hukumatni mustaqil ravishda shakllantirish huquqini qo‘lga kiritdi. Natijalar e’lon qilingach, muxolifat ovoz berish jarayonida ko‘plab qoidabuzarliklar, ma’muriy resurslardan foydalanilgani va nomzodlarga bosim o‘tkazilganini ma’lum qildi.
Live
Barchasi