Parij yaqinidagi 2000 gektardan ortiq o‘rmon yonib ketdi
Olam
−
20:28 234 2 daqiqa
Fransiya poytaxti Parij yaqinidagi UNESCO biosfera qo‘riqxonasi hisoblangan Fontenblo o‘rmonida yuz bergan yirik yong‘in oqibatida 2050 gektardan ortiq hudud yonib ketdi. Hodisa yuzasidan o‘t qo‘yishda gumonlanayotgan ikki kishi qo‘lga olindi. Bu haqda “France 24” xabar berdi.
Qayd etilishicha, yong‘in kecha, 13 iyul kuni Parijdan 60 kilometr janubi-sharqda joylashgan Fontenblo o‘rmonida boshlangan. Oradan bir kun o‘tib yana bir yong‘in yuzaga kelib, olov tezda UNESCO biosfera qo‘riqxonasi hududiga tarqalgan. Yong‘in sabab Fontenblo va unga tutash hududlardan qariyb ming nafar aholi evakuatsiya qilingan. Shuningdek, temiryo‘l qatnovi va A6 avtomagistralidagi harakat vaqtincha cheklangan.
Hodisani bartaraf etishga 850 nafarga yaqin o‘t o‘chiruvchi, to‘rtta Canadair samolyoti, ikkita Dash samolyoti hamda uchta suv tashuvchi vertolyot jalb etilgan. Qutqaruvchilar yong‘inni o‘chirish uchun 187 marta havodan suv tashlagan.
Mintaqaviy o‘t o‘chiruvchilar vakili Pol-Eduard Lorenning aytishicha, yong‘in hali ham to‘liq nazorat ostiga olinmagan, biroq rasmiylar uni kun davomida o‘chirishga umid qilmoqda.
Politsiya o‘t qo‘yishda gumonlanayotgan ikki kishini hibsga olgan. Ulardan biri 18 yoshli yigit bo‘lib, tergovga yaqin manbaga ko‘ra, u qo‘lga olinganida qo‘llarida kuy izi va yonida “zajigalka” bo‘lgan.
Fransiya Ichki ishlar vaziri Loran Nunesning ma’lum qilishicha, yong‘inning qasddan sodir etilgan yoki etilmagani yuzasidan tergov davom etmoqda.
“Taxminan ming metrlik hudud ichida o‘nga yaqin alohida yong‘in o‘chog‘i aniqlandi. Bu yong‘in ataylab chiqarilgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi”, degan vazir.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron esa mamlakatdagi barcha mavjud kuch va vositalar yirik yong‘inni bartaraf etishga safarbar etilganini bildirgan.
Mutaxassislarning qayd etishicha, Fransiya so‘nggi uch oy ichida uchinchi bor kuchli jazirama to‘lqinini boshdan kechirmoqda. Iqlim o‘zgarishi fonida mamlakatning turli hududlarida o‘rmon yong‘inlari soni keskin ortgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yil boshidan buyon Fransiyada o‘rmon yong‘inlari 32 ming gektardan ortiq hududni qamrab olgan. Bu ko‘rsatkich butun 2025 yilda qayd etilgan yong‘inlardan ham yuqori.
Eslatib o‘tamiz, avvaroq Ispaniyaning Andalusiya avtonom hamjamiyatidagi Almeriya viloyatining Los Gallardos hududida yuz bergan yirik o‘rmon yong‘ini oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘lib, yana 6 kishi jarohatlangani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi