Otabekov o‘zbekistonliklarni koronavirusning ikkinchi to‘lqinidan ogohlantirdi
Jamiyat
−
12 may 2020
26191O‘zbekistonda koronavirus tarqalishining ikkinchi to‘lqini yuz berishi mumkin. Joylarda karantin choralarini nomigagina bajarish shundan jiddiy oqibatga olib kelishi mumkin. Bu haqda Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ma’lum qildi.
Bosh inspektor supermarket va bozorlarga kirish joyidagi termometrlar natijasining statistikasi yig‘ish, jamlash, yuqori tashkilotlarga uzatish, tuman, shahar, viloyatlar va respublika darajasida shakllantirish hamda tahlil qilish juda mushkul jarayon ekanini ta’kidladi.
“Harorati ko‘tarilgan shaxslarning nechtasi shifoxonaga borganligini surishtirish va aniqlashning imkoniyati ham yo‘q.
Asosiy maqsad — tana harorati ko‘tarilganlarning sonini sanash emas, balki ularni kasallik manbai sifatida boshqalardan alohidalash, bir paytning o‘zida ko‘proq odamlar bilan muloqotda bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikdir.
Afsuski, ayrim joylarda bu ishlar nomigagina qilinyapti, harorati past yoki baland ekanligiga qaralmayapti. Buning esa oxiri voy bo‘lishi mumkin. Koronavirusdan qutuldik, degan davlatlarda, kasallik epidemik avjining yangi to‘lqini paydo bo‘layotgani hammamizning ko‘zimizni ochishi kerak”, dedi Otabekov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Hozirgacha koronavirus yuqtirganlar soni 2509 nafarga yetdi. Bugungacha bemorlarning 1982 nafari sog‘aygan va 10 nafari vafot etgan.
LiveBarchasi