Olmaliq koloniyasidagi mahkumning o‘limi bo‘yicha Bosh prokuraturaga murojaat yuborildi
3-sahifa
−
18 fevral
6449Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish departamentining Olmaliqdagi 14-sonli koloniyasidan 21 yashar mahkum Muhammadqodir Po‘latovning jasadi chiqqani haqida xabar bergan edik. Mazkur holat yuzasidan Ombudsman tomonidan Bosh prokuraturaga murojaat yuborildi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili matbuot xizmati xabar berdi.
14-son jazoni ijro etish koloniyasi navbatchilik qismi tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 14 fevral kuni soat 22:45 da jazo muddatini o‘tayotgan mahkum sog‘lig‘ida o‘zgarish sezgani sababli koloniya shifokorlariga murojaat qilgan. Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilganidan so‘ng ham uning holati yaxshilanmagani sababli, u Olmaliq shahar markaziy shifoxonasiga yotqizilgan.
Biroq ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, mahkum 15 fevral kuni soat 01:00 da shifoxonada gipertoniya va birlamchi yurak yetishmovchiligi oqibatida vafot etgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, marhumga sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Hozirda mazkur holat Ombudsman xodimlari va Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakil tomonidan joyiga chiqib o‘rganilmoqda. Shuningdek, Ombudsmanning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili marhumning oila a’zolari bilan uchrashib, ta’ziya bildirgan. Shu bilan birga, holat yuzasidan Bosh prokuraturaga murojaat yuborilgan.
“Ombudsman tergovga qadar tekshiruv davomida mazkur holatni har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘rganish ta’minlanishini so‘raydi”, deyiladi xabarda.
Bosh prokuraturaning bildirishicha, mazkur holat yuzasidan Olmaliq shahar prokuraturasi xodimlari tomonidan voqea joyi va murda ko‘zdan kechirilib, mutasaddi xodimlar va shifokorlardan holat yuzasidan tushuntirishlar olingan va o‘lim sababini aniqlash uchun sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, marhum yurak ishimik kasalligini o‘tkir shakli, yurak mushaklarida qon ketishi “miokard infarkti”dan vafot etganligi ko‘rsatilgan.
“Hozirgi kunda tergovga qadar tekshiruv harakatlari Toshkent maxsus prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda”, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning 23 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish departamenti tizimidagi Namangan viloyati Pop tumanida joylashgan 6-sonli qamoqxonada 24 yoshli mahkum o‘z joniga qasd qilgandi. Bosh prokuratura esa murdani ko‘zdan kechirish davomida bo‘yin sohasida strangulyatsion egatdan tashqari boshqa tan jarohatlari aniqlanmaganini bildirdi.
LiveBarchasi