Olimlar boshqa dinozavrning bosh chanog‘idan tirannozavr tishini topdi

Bu qiziq

image

Paleontologlar Tyrannosaurus rex nafaqat o‘laksaxo‘r bo‘lgani, balki yirik o‘txo‘r dinozavrlarni faol ov qilganiga oid nodir va to‘g‘ridan to‘g‘ri dalilga ega bo‘ldi. Bu haqda yirtqichning tishi qadalib qolgan edmontozavr bosh chanog‘iga bag‘ishlangan tadqiqotda so‘z boradi.

Ish 2005 yilda AQSHning Montana shtatida topilgan Edmontosaurus o‘rdakburun dinozavrining deyarli to‘liq bosh chanog‘ini o‘rganishga asoslangan. Qoyali tog‘lar muzeyida saqlanayotgan bu topilmada g‘ayrioddiy detal bor: tumshuqning yuqori qismini teshib o‘tib, burun bo‘shlig‘i ichida qadalib qolgan tish bo‘lagi.

Kompyuter tomografiyasi tishning joylashuvini aniq belgilash imkonini bergan. Uning yo‘nalishiga asoslanib, tadqiqotchilar shunday xulosaga kelishdiki, tish qurbon hujumchiga yuzma-yuz turgan paytdagi kuchli tishlash oqibatida sinib qolgan. Jarohatda bitish alomatlari yo‘qligi uning o‘limdan sal oldin yoki o‘limdan so‘ng darhol sodir bo‘lganini ko‘rsatadi.

Tishning shakli va o‘lchamlarini ma’lum namunalar bilan solishtirish uning voyaga yetgan tirannozavrga tegishli ekanini isbotlagan.

“Biz tish bosh chanog‘i taxminan bir metr keladigan voyaga yetgan tirannozavrga tegishli ekanini aniqladik”, deydi ish mualliflari.

Tishlash izlari bosh chanog‘ining ikki tomonida – ko‘z kosasi orqasida va pastki jag‘ning orqa qismida topilgan. Edmontozavrning bu sohalarida kuchli chaynash mushaklari va eng ko‘p yumshoq to‘qimalar bo‘lgan. Bunday shikastlanishlar taqsimoti o‘ljaning eng go‘shtdor qismlarini birinchi bo‘lib yeydigan zamonaviy yirtqichlarning xatti-harakatiga mos keladi.

Tadqiqotchilarning fikricha, bu tirannozavr qurbonga nafaqat hujum qilgani, balki uning bir qismini yeganini ham anglatadi. Ehtimol, qoldiqlar suv bilan yuvilib, ko‘milib qolishidan oldin yumshoq to‘qimalarning katta qismi yeyilgan bo‘lishi mumkin.

Avvalroq olimlar T. rex asosan ovchi bo‘lganmi yoki o‘laksaxo‘rmi, degan mavzuda bahslashishar edi. Yangi ma’lumotlar uning ko‘plab zamonaviy yirik yirtqichlar kabi har ikki strategiyani uyg‘unlashtirganini tasdiqlaydi.

Mualliflar bunday topilmalar juda kam uchrashini ta’kidlamoqdalar: dinozavr aynan qaysi yirtqich tomonidan o‘ldirilgani va yeyilganiga oid to‘g‘ridan to‘g‘ri qazilma dalilini topish – katta omad. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bunday namunalar qadimiy ekotizimlarning xulq-atvorini va bo‘r davrining eng yirik yirtqichlari rolini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq iger hududida Chikago universiteti paleontologlari boshchiligidagi xalqaro olimlar guruhi tomonidan Spinosaurus mirabilis (“ajoyib tikonli kaltakesak”) deb nomlangan yangi tur qoldiqlari topilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

dinozavr Tyrannosaurus rex tirannozavr

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing