Olimlar 100 yil oldin topilgan qazilmadan dinozavrning yangi turini aniqladi
Olam
−
08:10 349 3 daqiqa
Buyuk Britaniyaning Uayt orolidan bundan 100 yildan ko‘proq vaqt oldin topilgan qazilma qoldiqlar dinozavrning yangi turiga tegishli ekani aniqlandi. Uzun tirnoqli, yirik yo‘lbarsdek keladigan ushbu yirtqich dinozavr taxminan 120 million yil avval yashagan. Bu haqdagi tadqiqot BBC’da e’lon qilindi.
.png)
Qayd etilishicha, Invictibellatrix amberina deb nomlangan dinozavr megaraptorlar guruhiga mansub. Ular ikki oyoqda harakatlangan, go‘sht bilan oziqlangan va chaqqon yirtqichlar bo‘lgan. Megaraptorlar Tyrannosaurus rex kabi tirannozavrlar bilan yaqin qarindosh hisoblansa-da, o‘ljasiga jag‘i bilan emas, uzun qo‘llari va katta, qayrilgan tirnoqlari bilan hujum qilgan.
Qazilma qoldiqni havaskor paleontolog Redjinald Uolter Tuli Uayt orolining janubi-g‘arbiy sohilidagi qoya etagidan topgan. 1924 yilda u Londonning Tabiiy tarix muzeyi kolleksiyasiga topshirilgan. Biroq bosh suyagining orqa qismidan qolgan ushbu bo‘lak qariyb 100 yil davomida o‘rganilmay, muzeyda saqlanib qolgan.
London universiteti kolleji olimi doktor Kassius Morrison bu qoldiqning shuncha vaqt davomida e’tibordan chetda qolganini “haqiqiy jumboq” deb atagan. Uning aytishicha, Uayt orolida ko‘plab qazilma qoldiqlar topiladi va ular orasida hali o‘rganilmagan namunalar ham bo‘lishi mumkin.
Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Invictibellatrix amberinaning uzunligi 3–4 metr, bo‘yi esa 1,5 metrdan sal balandroq bo‘lgan. Uning tanasi patlar bilan qoplangan, tirnoqlari esa 10–20 santimetr uzunlikda bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Dinozavr kichik dinozavrlar, kaltakesaklar va sutemizuvchilar bilan oziqlangan. Tadqiqotchilar uning oziq zanjiridagi o‘rnini bugungi sirtlonlarnikiga qiyoslagan.
Yangi tur megaraptorlarning hozirgacha aniqlangan eng kichik va qadimgi vakillaridan biri hisoblanadi. Ushbu kashfiyotga qadar Yevropada megaraptorlar guruhiga mansub dinozavrlar topilmagan edi. Bu guruh yirik go‘shtxo‘r dinozavrlar orasida eng sirli guruhlardan biri sanaladi, chunki ularning qazilma qoldiqlari juda kam uchraydi.
Tadqiqotchilar qazilmani kompyuter tomografiyasidan o‘tkazib, bosh suyagining uch o‘lchamli modelini yaratgan. Keyin uni tirannozavrlar, spinozavrlar va boshqa go‘shtxo‘r dinozavrlarning bosh suyaklari bilan taqqoslagan. Shuningdek, matematik modellashtirish orqali megaraptorlarning dunyo bo‘ylab tarqalishi vaqt o‘tishi bilan qanday o‘zgargani o‘rganilgan.
Tadqiqotning katta muallifi, Tabiiy tarix muzeyi professori Pol Barretning aytishicha, Uayt orolida 200 yildan ortiq vaqt davomida qazishma ishlari olib borilganiga qaramay, bu hudud olimlarni yangi dinozavr turlari bilan hayratda qoldirishda davom etmoqda. Uning ta’kidlashicha, tarixiy muzey kolleksiyalarini qayta o‘rganish hali ko‘plab kashfiyotlarga yo‘l ochishi mumkin.
Olimlar megaraptorlarning shimoliy hududlarda nega yo‘qolib ketganini hozircha aniqlamagan. Bunga iqlim va atrof-muhitdagi o‘zgarishlar yoki boshqa yirtqich dinozavrlar bilan raqobat sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Misrning Nil deltasi hududidagi qishloqda qariyb 3 ming yil davomida yer ostida qolib ketgan ikkita ulkan fir’avn haykalining qoldiqlari topilgandi.
Live
Barchasi