“Oligarxlar yashirinadigan joy qolmaydi”. Britaniya Rossiya uchun “og‘ir” sanksiyalarni e’lon qildi
Olam
−
25 fevral 2022 12380 3 daqiqa
Buyuk Britaniya Rossiyaning VTB Banki, “Aeroflot” kompaniyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi va yuqori texnologiyali mahsulotlarni Rossiyaga eksport qilishni taqiqladi. Bu haqda Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson Moskvaning Ukrainaga bosqini uchun London tomonidan joriy qilinadigan sanksiyalar haqida ma’lumot berib, aytib o‘tdi.
Kecha, 24 fevral kuni Buyuk Britaniya Bosh vaziri VTB bank va “Aeroflot”ga qarshi sanksiyalarni e’lon qilib, uning Buyuk Britaniyaga parvozlarini taqiqladi. “Aeroflot” Moskva-London yo‘nalishi bo‘yicha haftada bir nechta reyslarni amalga oshirardi. Kompaniyaga Buyuk Britaniya hududi orqali parvozlar ham taqiqlanishi mumkin.
Jonson, shuningdek, gap VTB Bankning Buyuk Britaniyadagi aktivlarini to‘liq muzlatish haqida ketayotganini tushuntirgan.
Sanksiyalar qo‘llanilgan Rossiya banklari Buyuk Britaniya moliya tizimidan butunlay uziladi, ular funt sterlingda to‘lovlarni amalga oshira olmaydi.
“Sibur” boshqaruvi raisining sobiq o‘rinbosari va Vladimir Putinning sobiq kuyovi Kirill Shamalov, Birlashgan aviasozlik korporatsiyasi rahbari Yuriy Slyusar, VTB vitse-prezidenti Denis Bortnikov (FSB rahbarining o‘g‘li) va “Promsvyazbank” boshqaruv raisi Pyotr Fradkov (sobiq bosh vazirning o‘g‘li) Britaniya sanksiyalari ostida qoldi. Yevropa Ittifoqi ham shu hafta Bortnikov va Fradkovga qarshi sanksiyalar kiritgandi.
Britaniya shuningdek, Rossiyaga yuqori texnologik mahsulotlarni sotishni ham taqiqladi. Bunday choralar odatda mamlakatning uzoq muddatli rivojlanishini to‘xtatish uchun qo‘llaniladi.
Biroq taqiq qaysi sohalarga taalluqli ekanligi hozircha aniq emas. Masalan, AQSH avvalroq, mudofaa va energetika sohalarida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan tovarlar eksportini cheklagandi.
Jonson, shuningdek, Rossiya va rus kompaniyalariga Buyuk Britaniyada moliyaviy yordam olish taqiqlanishini e’lon qildi. Bu Rossiya kompaniyalari o‘z qimmatli qog‘ozlarini ular uchun juda mashhur bo‘lgan London fond birjasiga joylashtira olmasligiga olib kelishi mumkin.
Britaniya Bosh vaziri, shuningdek, yuzdan ortiq odam va kompaniyaning aktivlarini muzlatish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
“Bu Putinning urush mashinasini qo‘llab-quvvatlovchi yirik sanoat kompaniyalarini o‘z ichiga oladi”, degan Britaniya Bosh vaziri.
Bundan tashqari, Jonson rossiyalik boylar boyliklarini qanday qo‘lga kiritganini tekshirishga va’da berdi.
“Oligarxlarning yashirinadigan joyi qolmaydi”, degan u.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Live
Barchasi