Netanyaxu Isroil gumanitar karvonga zarba berganini tan oldi

Olam

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu SAXAL G‘azo sektorida World Central Kitchen (WCK) gumanitar karvoniga hujum uyushtirganini va oqibatda 7 kishi halok bo‘lganini tasdiqladi. Bu haqda bugun, 2 aprel kuni “Reuters” agentligi xabar berdi.

"Bu urush vaqtida sodir bo‘ladi. Biz buni diqqat bilan o‘rganyapmiz, halok bo‘lgan xorijliklar hukumatlari bilan aloqadamiz va bu yana takrorlanmasligi uchun hamma narsani qilamiz", deydi Netanyaxu.

Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Isroilning insonparvarlik karvoniga bergan zarbasini qoralagan va bu bo‘yicha tergov o‘tkazishga chaqirgan. 

"Isroilning G‘azo sektoridagi zarbasi oqibatida halok bo‘lgan World Central Kitchen xodimlari xotirasini hurmat qilaman. Hujumni qoralayman va tergov o‘tkazishga chaqiraman. Tinch aholi va yordam xodimlarini himoya qilish bo‘yicha barcha talablarga qaramay, biz begunoh qurbonlarni ko‘proq ko‘rmoqdamiz", deb yozgan Borrel.


Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari BMT Xavfsizlik Kengashining zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyasi muhimligini yana bir bor ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq WCK yetti nafar xodimi SAXALning G‘azo sektori markazidagi Dayr al-Balah janubidagi konvoyga bergan zarbasi oqibatida halok bo‘lganini xabar qilgan edi. Avtomobillar dengiz orqali G‘azo sektoriga olib kelingan 100 tonnalik insonparvarlik yordamini yetkazgandan so‘ng jo‘nab ketayotgan edi. Uning harakati SAXAL bilan muvofiqlashtirilgan. Tashkilot zarbani "SAXALning maqsadli hujumi" deb atadi. Isroil armiyasi "ushbu fojiali hodisaning holatlarini tushunish uchun eng yuqori darajada chuqur tergov olib borayotganini" aytdi.

 


Maqola muallifi

Teglar

BMT Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing