Namanganda 51,5 mln so‘m qalbaki pulni sotayotganlar ushlandi

3-sahifa

−

image

Namangangada 51,5 mln so‘m qalbaki pulni sotayotganlar qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Jizzax va Namangan viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari hamda Bojxona organlari hamkorligida Namangan shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qalbaki 20 ming, 50 ming, 100 ming va 200 ming so‘m nominaldagi banknotlarni tayyorlab, sotish holati fosh etilgan.

Tadbir davomida Pop tumanida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan va Izboskan tumanida istiqomat qiluvchi, 1999 yilda tug‘ilgan 2 nafar shaxs jami 37,4 mln so‘m qalbaki pulni shartli xaridorga 7,5 mln so‘mga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, ularni shaxsiy tintuv qilish jarayonida hamda boshqaruvida bo‘lgan Lacetti rusumli avtomashina salonida ham qalbaki 6,4 mln so‘m borligi ma’lum bo‘lgan.

Tezkor tadbir davom ettirilib, izboskanlik fuqaroning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, ushbu manzildan qalbaki 7,7 mln so‘m, 145 dona oq qog‘ozga chop etilgan turli xil kupyuralar, kompyuter, rangli printer va boshqa ashyolar protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari doirasida ularning jinoiy aloqalarini aniqlash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatining Chust tumanida qalbaki 10 ming dollarni sotayotganlar qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing