Namangan shahrining sobiq hokimi vafot etdi
Jamiyat
−
26 avgust 11304 1 daqiqa
Mustaqillikning ilk yillarida Namangan shahar hokimi vazifasida ishlagan Akmalxon Ikromjon o‘g‘li Ikromov 76 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda Namangan viloyati hokimligi xabar berdi.
Ma’lumot uchun, Akmalxon Ikromov 1949 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. 1966-1973 yillarda O‘rta Osiyo yengil sanoat va to‘qimachilik institutida o‘qib, u yerni imtiyozli bitirgan va injener-mexanik mutaxassisligini olgan. Shundan so‘ng, uzoq yillar viloyat mahalliy sanoat boshqarmasida turli vazifalarda mehnat qilgan. Kosonsoy shoyi to‘qish fabrikasida filiallar bo‘yicha direktor, Namangan shahar halq iste’moli mollari zavodi direktori bo‘lgan.
1992 yildan 1994 yilgacha Namangan shahar hokimi bo‘lib ishlagan. Ikromov 2009 yildan hozirgi vaqtgacha Namangan shahridagi “Olmos-xim” MCHJ kuzatuv kengashi raisi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.
“Akmalxon Ikromov mehnat faoliyati davomida mahalliy sanoat rivojiga, hokimlik davrida esa viloyat markazini obodonlashtirishga katta hissa qo‘shdi. Marhumning porloq xotirasi qalblarimizda abadiy saqlanib qoladi. U kishining yaqinlari va oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildiramiz”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 iyul kuni Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumaniga rahbarlik qilgan Yazdurdi Safarov 80 yoshida, 6 yil davomida Nishon tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritgan Orif To‘xtameshov esa 62 yoshida olamdan o‘tgandi.
Live
Barchasi