Mirziyoyev Nyu-Yorkda AQSH kompaniyalarining rahbarlari bilan uchrashdi
Olam
−
23 Sentabr 2025 4529 2 daqiqa
Kecha, 22 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahriga tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida AQSHning yetakchi kompaniyalari, investitsiya jamg‘armalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor, global sherikliklar bo‘yicha maxsus vakili Paolo Zampolli, savdo vaziri o‘rinbosari Uilyam Kimmitt, Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, “Franklin Templeton”, “Citigroup”, “BNY Mellon”, “NASDAQ”, “Boeing”, “Mastercard”, “Visa”, “General Motors”, “Nvidia”, “Oppenheimer”, “Jefferies”, “Air Products”, “Traxys”, “FLSmidth”, “GoGreen Partners”, “Cleveland Clinic”, “Cargill” kabi kompaniyalarning top-menejerlari hamda O‘zbekistonning yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etgan.
Davlat rahbari so‘zining avvalida AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan yaqinda bo‘lib o‘tgan muloqotda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan salmoqli loyihalar portfelini shakllantirishga kelishib olinganini alohida ta’kidlagan. Shu munosabat bilan mazkur uchrashuv ushbu vazifalarni ilgari surishda alohida ahamiyatga ega ekani qayd etilgan.
O‘z navbatida, AQSHning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari O‘zbekiston Prezidentiga ularning samarali faoliyati uchun yaratilgan qulay sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, ushbu tarmoqlarda muhim loyiha va dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etish rejalarini bayon qilgan.
Qayd etish joiz, keyingi yillarda O‘zbekiston va AQSHning ko‘p qirrali hamkorligi yuksak darajaga ko‘tarildi. Tovar ayirboshlash hajmi 8 yilda 4 barobar oshdi. AQSHning 300 dan ortiq kompaniyasi O‘zbekistonga sarmoya kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va AQSH Prezidentining maxsus vakili Serjio Gor huzurida ikki tomonlama bitimlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tgandi.
Live
Barchasi