Migratsiya agentligi mulozimlari 1 mrld so‘mdan ortiq pulni o‘mardi
3-sahifa
−
15:53 1559 3 daqiqa
Migratsiya agentligida 1 mlrd so‘mdan ortiq talon-torojliklar fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahri boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Migratsiya agentligining mas’ul shaxslari agentlik xodimlari B.D. va N.A. ning amalda ishlamagan davri uchun 931,6 mln so‘m ish haqi sifatida hamda intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan va jazo amal qilgan davrda Mehnat kodeksining talablariga zid ravishda 8 nafar xodimga 88,5 mln so‘m to‘lab berib byudjet mablag‘larini rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida Migratsiya agentligining sobiq bo‘lim boshlig‘i, Andijon viloyatida tug‘ilgan 35 yoshli Azizbek Toshtemirov Janubiy Koreyaga ishga ketish uchun o‘tkaziladigan ba’zi EPS–Topik imtihonlari vaqtida ayrim nomzodlar o‘rniga boshqa shaxslar kiritilgani, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ba’zi xodimlari esa ularga testdan o‘tishda go‘yoki yordam bergani holatlari kuzatilgan va ehtimoliy qonunbuzarlik to‘g‘risida fuqarolardan bir qancha murojaatlar bo‘lgani sababli xalqaro qidiruvga berilgandi.
Voqeadan biroz avval esa Tashqi mehnat migratsiyasi va xususiy bandlik agentliklari sobiq mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshirilgan korrupsion sxema aniqlangani, ular 600 dan ortiq odamdan $90 mln olgani fosh qilingani ma’lum bo‘lgandi.
Shundan so‘ng, 2025 yilning mart oyida korrupsion jinoyatda ayblanib, ishdan bo‘shatilgan, firibgarlikda gumon qilingan va Interpolga qidiruvga berilgan Migratsiya agentligining sobiq xodimi Azizbek Toshtemirovning o‘zi bu ayblovlarni butkul rad etib, har qanday qonunbuzarlik va korrupsiya boshida agentlikning amaldagi rahbari Behzod Musayev turganini iddao qilgan hamda “Koreya 24 soat” deb nomlangan Telegram-kanalida bu haqda ma’lumotlarni joylay boshlagan.
Mazkur xabarlar omma orasida turli shubhalarni uyg‘otgandan so‘ng, 20 iyun kuni vanihoyat Migratsiya agentligi shov-shuvli holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirgandi. Unda agentlik Azizbek Toshtemirovning skrinshot, audio va rasmlar bilan iddao qilayotgan gaplari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini va bir tomonlama talqin qilingani bildirgandi.
Bu gaplar fonida, joriy yil 23 iyul kuni QALAMPIR.UZ’ning Interpol saytida olib borgan tadqiqlari natijasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining sobiq xodimi – Ichki ishlar vazirligi so‘rovi bilan Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan Azizbek Toshtemirovning nomi xalqaro qidruvdagi shaxslar ro‘yxatidan sirli ravishda g‘oyib bo‘lgani aniqlangandi.
Bu orada agentlik xodimlariga aloqador bir nechta firibgarlik va talon-taroj qilishga oid, 90 mln dollar oldida "pista puli"dek ko‘rinadigan jinoiy ishlar aniqlandi. Kuyinroq, “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov o‘zining Telegram-kanalida 90 million AQSH dollari miqdorida zarar yetkazilgani aytilgan “Koreya ishi” bo‘yicha sud jarayoni 29 iyul kuni boshlanishinishi yozgan. Ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tumani sudida sudya Dadaxonova raisligida ko‘rib chiqilmoqda. Ish doirasida pora olish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish hamda hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi bo‘yicha ayblovlar bilan Ganchar Uzoqov, Temur Shorixsiyev, Alijon Ashurov va Suxrob Sayfutdinovlar sudlanuvchi sifatida jalb etilgan.
Live
Barchasi