MDH yetakchilari kuzda Tojikistonga yig‘iladi
Olam
−
05 iyun 2204 2 daqiqa
Joriy yilning 10 oktyabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahri Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mamlakat rahbarlari kengashining navbatdagi sammitiga mezbonlik qiladi. Bu haqda MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, sammit Tojikistonning 2025 yil uchun MDHdagi raisligi doirasida o‘tkaziladi. Sammitda MDHga a’zo davlatlar rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Kun tartibida mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik, mehnat migratsiyasi, sog‘liqni saqlash, yengil sanoat va og‘ir mashinasozlik sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilinadi.
Avvalroq Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon ham 2025 yilda MDH doirasida xavfsizlik tahdidlariga qarshi kurashish, BMT va boshqa mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratish lozimligini aytgandi.
Sammit doirasida Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan alohida uchrashuv ham rejalashtirilgan. Sammit natijalari MDH doirasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi va mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, MDH 1991 yil 8 dekabr kuni tashkil etilgan bo‘lib, Sovet Ittifoqi parchalanganidan so‘ng tuzilgan. Dastlab Rossiya, Belarus va Ukraina tomonidan bitim imzolangan, so‘ng 21 dekabrda Qozog‘istonning Olmaota shahrida yana bir qator davlatlar bu tashkilotga qo‘shilgan va shu bilan MDH rasman tuzilgan deb e’lon qilingan.
Hozirgi kunda MDHga quyidagi davlatlar a’zo – Rossiya, Belarus, Armaniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston. Gruziya 2008 yilda MDHni tark etgan, Ukraina esa 2014 yildan keyin faol ishtirok etmay qo‘ygan va 2018 yilda rasman chiqishini e’lon qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning 25 dekabr kuni Leningrad viloyatidagi “Igora” mavsumiy kurort majmuasining muz saroyida MDHga a’zo davlatlar rahbarlarining sammiti bo‘lib o‘tgandi. Ushbu sammit turli noxush voqealar atrofida yuz bergandi. Masalan, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan koronavirusga topshirgan test natijasi ijobiy chiqqani uchun MDH sammitida ishtirok etmasligini bildirgandi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ham Qozog‘istonda sodir bo‘lgan aviahalokat munosabati bilan MDHning norasmiy sammitida qatnashmay Bakuga qaytgandi.
Live
Barchasi