Lyublyanada Mirziyoyev va Musarning tor doiradagi muzokarasi bo‘lib o‘tdi
Olam
−
22 may 2930 3 daqiqa
Bugun, 22 may kuni Lyublyana shahridagi Prezident saroyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Sloveniya Prezidenti Natasha Pirs Musarning tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv avvalida O‘zbekiston rahbari Sloveniya yetakchisiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, so‘nggi 20 yilda ilk bor o‘tkazilayotgan oliy darajadagi tadbirlar ikki mamlakat munosabatlarida yangi bosqichning boshlanishi sifatida tarixga kirishini ta’kidladi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Siyosiy muloqot turli darajadagi aloqalar va ishbilarmonlik uchrashuvlari faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki tomonlama munosabatlarga tizimli tus berish uchun oliy va yuqori darajadagi muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi. Tovar ayirboshlashni ko‘paytirish va uning hajmini, eng avvalo, mahsulotlar turini kengaytirish va import o‘rnini bosish hisobiga birinchi bosqichda 500 million yevroga yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, Sloveniyaning Koper porti salohiyatidan Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqish uchun logistika xabi sifatida foydalanish imkoniyatlari o‘rganilishi ma’lum qilindi.
Sloveniyaning yetakchi kompaniyalari bilan Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish, shuningdek, zamonaviy asbob-uskunalar, sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, farmatsevtika mahsulotlari, shu jumladan asal va shifobaxsh giyohlarga asoslangan dori ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, energetika ob’ektlarini qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Mehnat migratsiyasi sohasida tizimli hamkorlik qilish uchun til, kasbiy ko‘nikmalar va mehnat standartlari bo‘yicha o‘qitish va moslashtirish dasturlarini ishlab chiqqan holda “Uyushgan mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi bitimni tayyorlashga kelishib olindi.

Turizmni, ayniqsa, qishloq va tog‘li hududlarda rivojlantirish istiqbolli yo‘nalish sifatida belgilandi. Prezidentlar ta’lim sohasida tomonlar diplomlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimni imzolashga hamda Lyublyana va Maribor universitetlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.
Bundan tashqari, 2026 yilda Toshkent shahrida ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari ishtirokida Yoshlarning innovatsion loyihalari forumi o‘tkaziladi.

Davlat yetakchilari gumanitar almashinuvni mustahkamlash maqsadida tomonlar o‘zaro madaniyat kunlari va Lyublyana shahrida O‘zbek kinosi haftaligini o‘tkazish tashabbusini ham ilgari surdi.
Belgilangan barcha vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini joriy yilning iyul oyida Lyublyana shahrida tashkil etishga qaror qilindi.

Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Sloveniya Prezidenti Natasha Pirs Musarga o‘zi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishni taklif etdi.
Eslatib o‘tamiz, 19 may kuni Mirziyoyev Vengriyaga bordi. 20 may kuni Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan tor va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o‘tkazdi, Milliy Majlis spikeri Laslo Kyover, Vengriyaning yetakchi bank va kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Kecha, 21 may kuni O‘zbekiston yetakchisi Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etib, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Shundan so‘ng, Mirziyoyev Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirs Musarning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Lyublyanaga bordi. Bugun, 22 may kuni Lyublyanadagi Kongress maydonida Prezident Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Live
Barchasi