Toshkent viloyatidagi maxsus sanoat zonasi Vengriya kompaniyasiga beriladi

Olam

image

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Budapeshtga rasmiy tashrifi bugun, 20 may kuni Vengriyaning yirik kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuvdan boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.

Unda Vengriyaning OTP Bank, BDPST Group, 4iG, Indotek, MVM, Duna Group, MOL Group, H2O Consortium, Inpark, Wizz Air va boshqa ko‘plab kompaniyalarning top-menejerlari va ta’sischilari ishtirok etdi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida rasmiy tashrif Vengriya ishbilarmonlari bilan uchrashuvdan boshlanayotgani ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi. Vengriyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari jadal o‘sib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Qayd etilishicha, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va ilg‘or texnologiyalar transferini rag‘batlantirish maqsadida Toshkent viloyatida Yevropa kompaniyalari uchun maxsus sanoat zonasi tashkil etilmoqda va ushbu hududni boshqarish Vengriyaning Inpark operatoriga beriladi.

Iqtisodiy sheriklikni kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti qator ustuvor yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi. Qo‘shma loyihalarni birgalikda moliyalashtirish va tayyor mahsulotlarni uchinchi mamlakatlarning istiqbolli bozorlariga eksport qilishni qo‘llab-quvvatlash shular jumlasidan.

Transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, xususan, yuk tashishni ko‘paytirish va ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuvda transport va yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish, logistika markazlari va kommunal tarmoqlarni barpo etish, qurilish materiallari, tayyor to‘qimachilik, kimyo, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

“Biz mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi mustahkam aloqalarni rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yaratamiz”, dedi Mirziyoyev.

Tadbir yakunida ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha bitimlar almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan kecha, 19 may kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Toshkent viloyati Vengriya Budapesht maxsus sanoat zonasi Inpark

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing