Lavrov Ukraina inqirozida AQSH va NATOning rolini aytdi

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari va Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti (NATO)  o‘z majburiyatlarini buzgan holda Ukrainani qurol-yarog‘ bilan ta’minlagani Ukrainadagi inqirozning asosiy sababi hisoblanadi. Bu haqda bugun, 31 mart kuni  Xitoyda bo‘lib o‘tgan Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar vazirlarining uchinchi konferensiyasida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ma’lum qildi.

“Ukrainadagi inqirozning asosiy sababi AQSH yetakchiligida NATO tomonidan bir necha o‘n yillar davomida olib borilgan siyosatdir”, deydi Lavrov “Sinxua” agentligining Ukraina inqirozining sabablari haqidagi savoliga javob berar ekan. 

Vazirning ta’kidlashicha, SSSR yo‘qolgach, ular harbiy infratuzilmani sharqda yanada rivojlantirishni davom ettirgan, Ukrainani qurol-yarog‘ bilan to‘ldirib, u yerda harbiy infratuzilma yaratgan. 

“Bu Rossiya xavfsizligiga tahdid soldi. Bu Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) va Rossiya-NATO munosabatlari doirasida o‘z xavfsizligini boshqalarning xavfsizligi hisobiga mustahkamlamaslik to‘g‘risidagi qarorlarni jiddiy buzishdir”, deydi Rossiya Tashqi ishlar vaziri.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 31 mart kuni Xitoyda Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar vazirlarining uchinchi konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda  O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov ham ishtirok etmoqda.

Xususan, Sergey Lavrov Sardor Umurzoqov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiya, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilgan edi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

22

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing