KXDR yana raketa uchirdi. Bu Janubiy Koreya va AQSH qo‘shma mashg‘ulotlariga javobmi?
Olam
−
15 mart 2023
3387Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomon ikkita o‘rta masofaga mo‘ljallangan ballistik raketa uchirilganini e’lon qildi. Bu haqda Janubiy Koreyaning “Yonhap” agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, raketalarni uchirish kecha, 14 mart kuni Janubiy Koreya va AQSH qo‘shma mashg‘ulotlar boshlaganidan bir kun o‘tib, amalga oshirilgan. Ushbu raketalar “yerdan-yerga” sinfiga tegishli bo‘lgan. Qayd etilishicha, parvoz masofasi 620 kilometrni tashkil etgan.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Janubiy Koreya va AQSH razvedka xizmatlari snaryadlarning o‘ziga xos xususiyatlarini har tomonlama tahlil qilmoqda. Seul raketalarning ketma-ket uchirilishini nafaqat Koreya yarim orolida, balki xalqaro hamjamiyatda tinchlik va barqarorlikka putur yetkazuvchi jiddiy provokatsiya harakati sifatida qoraladi. Janubiy Koreya Shimoliy Koreyani bunday uchirishlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 fevral kuni Pxenyan “Xvason-15” qit’alararo ballistik raketasini uchirgan va u Shimoliy Xokkaydo orolidan 200 km g‘arbda joylashgan Yaponiyaning eksklyuziv iqtisodiy zonasiga kelib tushgandi. Pxenyan Yapon dengizi uzra raketa uchirilishi Shimoliy Koreyaning ushbu quroli qay darajada ishonchli ekanini ko‘rsatish maqsadida uyushtirilganini ta’kidladi.
Shuningdek, Shimoliy Koreya yetakchisining singlisi Kim Yo Chjon ham bayonot berib, AQSH va Janubiy Koreyani ogohlantirgan hamda Pxenyan dushmanlarining har bir harakatini kuzatib borishi va har bir dushmanona harakatga o‘ta qat’iylik bilan javob berishini ta’kidlagandi. Keyinroq, 19 fevral kuni Yaponiya va AQSH qo‘shma havo mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. 23 fevral kuni esa Shimoliy Koreya yana Yapon dengizi tomon to‘rtta “Xvasal-2” strategik qanotli raketalarni uchirgandi.
13 mart kuni Janubiy Koreya va Amerika Qo‘shma Shtatlarining “Ozodlik qalqoni” qo‘shma mashg‘ulotlari boshlandi. Ushbu jarayonlar kompyuter simulyatsiyalariga asoslangan bo‘lib, ularda Shimoliy Koreyaning raketa-yadroviy tahdidini hisobga olgan holda hujumni qaytarish va mintaqadagi vaziyatni barqarorlashtirish kampaniyasini o‘tkazish ssenariylari ishlab chiqiladi. Bu yil “Ozodlik qalqoni” tanaffussiz 11 kun o‘tkazilib, 23 martgacha davom etadi.