Karachidagi yong‘in qurbonlari 14 nafarga yetdi
Olam
−
19 yanvar 1550 2 daqiqa
Pokistonda qutqaruvchilar Karachidagi savdo markazida sodir bo‘lgan yong‘indan keyin bedarak yo‘qolgan deb hisoblangan odamlarni qidirishda davom etmoqda. Yong‘in oqibatida kamida 14 kishi halok bo‘lgan. Sodir bo‘lgan fojia tafsilotlari bo‘yicha tergov ishlari olib borilmoqda.
“Gul Plaza” savdo markazidagi kuchli yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar soni kamida 14 kishiga yetdi. Bu haqda politsiya vakillari ma’lum qildi. Tungi qutqaruv ishlari davomida favqulodda vaziyatlar xodimlari yonib ketgan binodan yana beshta jasadni olib chiqdi. 38 kishi jarohatlangan. Turli ma’lumotlarga ko‘ra, 60 dan 70 nafargacha odam bedarak yo‘qolgan. Ularni qidirish ishlari olib borilmoqda.

“Gul Plaza” ko‘p qavatli savdo markazidagi yong‘in 17 yanvar kuni kechqurun alanga oldi va 24 soatdan ortiq davom etdi. Binoda 1200 ta do‘kon joylashgan bo‘lib, uning maydoni 8000 kvadrat metrni tashkil etadi.
Qutqaruv xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 17 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 22:38 da savdo markazining birinchi qavatida yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar kelib tushgan. O‘t o‘chiruvchilar yetib kelganida alanga yuqori qavatlarga yetib borgan edi.
Shahar qutqaruv xizmati boshlig‘ining ma’lum qilishicha, yong‘in binoda yonuvchan materiallar – atir, kiyim-kechak, plastik buyumlar borligi sababli tezda tarqalgan.

Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardariy hamdardlik bildirib, Karachi joylashgan Sind provinsiyasi hukumatiga tijorat va turar-joy binolaridagi xavfsizlik choralarini har tomonlama tahlil qilishni topshirdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inga do‘konlardan biridagi elektr simlarining qisqa tutashuvi sabab bo‘lgan. Hodisa yuzasidan tergov harakatlari boshlangan.
Karachida bir necha bor yong‘inlar sodir bo‘lgan, bunga xavfsizlik standartlarining pastligi va noqonuniy qurilishlar sabab qilib ko‘rsatilgan.
2023 yil noyabr oyida shahardagi savdo markazlaridan birida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 10 kishi halok bo‘lgan, yana 22 kishi jarohatlangan edi. 2012 yilda tikuvchilik fabrikasida sodir bo‘lgan keng ko‘lamli yong‘in 260 kishining hayotiga zomin bo‘lgan.
Live
Barchasi