Kaddafiyning o‘g‘li qamoqdan ozod qilindi
Olam
−
07 noyabr 12926 2 daqiqa
Livan hukumati Muammar Kaddafiyning o‘g‘li Gannibalni qamoqdan ozod qildi, shuningdek, unga mamlakatga kirish taqiqini bekor qildi va 11 million dollar miqdoridagi garovni ham bekor qildi. Bu haqda Livan hukumatiga tayanib, “The Libya Observer” va “Libya Review” nashrlari xabar berdi.
Liviya hukumati bayonotida aytilishicha, Gannibalning ozod qilinishi mamlakatning diplomatik sa’y-harakatlari natijasi. Ular bu masalani huquqiy va gumanitar doirada hal etishga, Liviya fuqarosining sha’nini himoya qilishga intilganini bildirgan.
“Libya Review” ma’lumotiga ko‘ra, Kaddafiyning o‘g‘li Livanga Liviya hukumati delegatsiyasi – Aloqa va siyosiy masalalar bo‘yicha davlat vaziri Valid al-Lafi boshchiligidagi guruh borganidan bir necha kun o‘tib ozod qilingan.
Liviya tomon Livan hukumatiga 1978 yilda yo‘qolgan livanlik imom Musa as-Sadr ishi bo‘yicha rasmiy hujjatlarni topshirgan. Imom as-Sadr Liviyaga rasmiy tashrifi chog‘ida g‘oyib bo‘lgan. Nashrning yozishicha, bu voqea uzoq yillik huquqiy nizoni hal etishda burilish nuqtasi sifatida qaralmoqda.
Ma’lumot uchun, 50 yoshli Gannibal sobiq Liviya rahbari Muammar Kaddafining uchinchi o‘g‘li bo‘lib, 2015 yildan beri Livanda hibsda saqlanib kelgan. U Suriyada siyosiy surgunda yashayotgan paytda “Amal” harakati jangarilari tomonidan o‘g‘irlab ketilgan, shundan so‘ng Livan rasmiylariga topshirilib, unga ayblov qo‘yilgan.
Muammar Kaddafi 42 yil davomida Liviyani boshqargan. U hokimiyatdan NATO tomonidan qo‘llab-quvvatlangan muxolifat chiqishlari oqibatida ag‘darilgan. O‘sha paytda muxolifat mamlakatda O‘tish davri milliy kengashini tuzib, uni qonuniy hokimiyat deb e’lon qilgan. 2011 yil 20 oktyabr kuni Liviya yetakchisi Sirt shahri yaqinida isyonchilar tomonidan o‘ldirilgan. Kaddafi ag‘darilgandan keyin Liviya yagona davlat sifatida faoliyat yuritmay qo‘ydi va raqobatdagi bir necha ma’muriyatlar o‘rtasida bo‘linib ketdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Parij sudi Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozini saylovoldi kampaniyasini moliyalashtirish bilan bog‘liq ish bo‘yicha Liviya rasmiylari bilan jinoiy til biriktirishda aybdor deb topgandi. Keyinroq Nikolya Sarkozi qarsaklar ostida qamoqxonaga jo‘natildi.
Live
Barchasi