Muammar Kaddafiyning o‘g‘li o‘ldirildi

Olam

image

Muammar Kaddafiyning ikkinchi o‘g‘li Saif al-Islom Kaddafiy Liviyada bo‘lib o‘tgan janglar chog‘ida halok bo‘ldi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.

Arab OAVlarining yozishicha, Saif Kaddafiy o‘z uyining bog‘ida qurollangan shaxslar bilan otishma vaqtida o‘ldirilgan. Bu ma’lumotni Kaddafiy oilasiga yaqin manba va uning vakili ham tasdiqlagan.

Liviya telekanali “Al Ahrar” xabariga ko‘ra, Saif al-Islom Kaddafiy G‘arbiy Liviyadagi Zintan shahri yaqinida joylashgan uyining bog‘ida to‘rt nafar qurollangan shaxs tomonidan o‘ldirilgan. Manbaning aytishicha, hujumchilar unga jarohat yetkazgach, voqea joyidan darhol yashiringan. Kaddafiyga yaqin siyosiy guruh esa qurollangan shaxslar avval Saif yashaydigan qarorgohdagi kuzatuv kameralarini ishdan chiqarganini bildirgan.

Saif al-Islom qurollangan shaxslar bilan otishmaga kirishgan va mahalliy vaqt bilan soat 14:30 da halok bo‘lgan. Hozirda uning jasadini olib chiqish bo‘yicha maxsus operatsiya tashkil etilgan. Kaddafiy oilasiga yaqin manba bu hodisa tushdan buyon davom etgan to‘qnashuvlardan so‘ng sodir bo‘lganini aytgan.

“Al-Hadat” telekanali avvalroq ayrim Liviya OAVlari Saif al-Islom Kaddafiy Liviya Milliy Birlik Hukumatiga qarashli 444-jangovar brigada kuchlari bilan bo‘lgan jangda halok bo‘lganini xabar qilganini yozadi. Biroq, 444-jangovar brigada bu voqeaga aloqadorligini qat’iyan rad etgan. Brigada bayonotida Zintan shahri yoki uning hududida ularning harbiy bo‘linmalari yo‘qligi, sodir bo‘lgan hodisaga hech qanday bevosita yoki bilvosita aloqasi yo‘qligi aytilgan.

Ma’lumot uchun, Saif al-Islom Kaddafiy 1972 yil 25 iyunda tug‘ilgan bo‘lib, 2011 yil kuzida o‘ldirilgan Liviya rahbarining ikkinchi o‘g‘li edi. 1997–1998 yillarda u Kaddafiy xalqaro xayriya va hamkorlik jamg‘armasini tashkil etishga tashabbus ko‘rsatgan. Jamg‘arma rahbari sifatida u afg‘on toliblari va Filippindagi isyonchilar bilan g‘arbiy garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar olib borgan. 2003 yilda Buyuk Britaniya bilan savdo munosabatlari bo‘yicha muzokaralarda faol ishtirok etgan.

2008 yilda Saif siyosatdan ketishini va otasining vorisi bo‘lish niyati yo‘qligini e’lon qilgan. 2010 yilda u G‘azo sektoriga qo‘yilgan blokadani yumshatishda faol qatnashgan. 2011 yilda fuqarolar urushi vaqtida otasi halok bo‘lgach, Saif qo‘zg‘olonchilar tomonidan qo‘lga olinib, sudga tortilgan. 2015 yilda 2011 yilgi namoyishlarni bostirish bilan bog‘liq ish bo‘yicha o‘lim jazosiga hukm qilingan. Ammo, 2017 yil o‘rtalarida umumiy amnistiya to‘g‘risidagi qonun asosida ozod qilingan.

2021 yilda Liviya rasmiy prokuraturasi uni “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi jangchilari bilan aloqadorlikda gumon qilib, hibsga olish orderini chiqargan.

Muammar Kaddafiy Liviyani 42 yil boshqargan va NATO tomonidan qo‘llab-quvvatlangan muxolifat oqibatida hokimiyatdan ag‘darilgan. 2011 yil 20 oktyabrda u Sirta shahri yaqinida isyonchilar tomonidan o‘ldirilgan. Shundan so‘ng Liviya yagona davlat sifatida faoliyat yurita olmay qolgan va raqobatdagi ma’muriyatlarga bo‘linib ketgan.


Maqola muallifi

Teglar

Liviya Muammar Kaddafiy Saif al-Islom Kaddafiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing