Qurol ishlatmaslik bo‘yicha buyruq olgandik – Qoraqalpoqdagi namoyishlarda toshbo‘ron qilingan harbiy

Jamiyat

image

Qoraqalpog‘istondagi namoyishlarni bostirish uchun jalb qilingan harbiylarga odamlarga qarshi qurol ishlatmaslik haqida ko‘rsatma berilgan. Bu haqda jarayonda qatnashgan harbiylar so‘zlab berdi. Ularning intervyusini O‘zbekiston Mudofaa vazirligi e’lon qildi.

“Qurol ishlatish mumkinmasligi bo‘yicha buyruq olgandik. Chunki uy yerda tinch aholi, oddiy, sodda xalq. Hamma o‘zining doimiy joyiga, harbiy qismlariga, postlariga yetib borishi bo‘yicha buyruq berildi. Shaxsiy tarkibimga zudlik bilan BTR texnikasiga o‘tirishini tayinladim va harakatni boshladik.

17:30 lar atrofida harakatni boshlagan bo‘lsak, doimiy joylashuv joyiga qarab taxminan 500 metrlar harakatlandik. BTR haydovchilaridan biri kapitan 1 kilometrlik uzoqlikda  300−400 nafardan ortiq olomon turibdi. Bizni yo‘limizni tusayapti. Yo‘limizni to‘sdi… Qo‘llarida har xil temir jisimlar, armaturalar, lom, yonuvchi aralashma borligini aytdi. 

Hamma narsagan tayyor turishga buyruq berdim. Tayyor turinglar Shu paytda harbiy qismga aloqaga chiqdim. Bizga yordamchi kuch kerak, oldimizdan 300−400, orqamizdan 100−200 olomon yopirilib kelyapti. Texnikamizga zarba berishni, oynalarini sindirishni boshladi. 

Asosiy maqsadimiz o‘sha yerda qoraqalpoq xalqini tinchligini, osoyishtaligini saqlash bo‘lganligi sababli shu vaziyatda texnikamiz bilan xalqni ustiga bostirib haydamadik. Xalqqa qurol ishlatmadik. Ularni birortasini joniga ozor berganimiz yo‘q. Hamma narsaga chidab, qasamyodga sodiqligimizni isbotladik”, deydi harbiy qismlardan birida xizmat qiluvchi kapitan Rustam Bobojonov.

Bobojovning so‘zlariga ko‘ra, u mo‘ljalga oluvchiga osmonga qarata bir necha marta ogohlantiruvchi o‘q uzishni buyurgan. 

Shuningdek, namoyishchilarni tinchlantirishda qatnashgan harbiy xizmatchilardan birining so‘zlariga ko‘ra, ular zirhli jangovar avtomobillarni (BTR) aholi jabr ko‘rmasligi uchun to‘xtatgan. 

“BTRni ichida o‘tirib eshityapmiz, ular (namoyishchilarni) boshqaradigan 3-4 ta odam bor edi. Mahalliy aholi u yerda faqat vositachi rolini o‘ynadi. Namoyishchilarga ruhiy jihatdan zarba berilgan edi xalos. Mahalliy aholi jabr ko‘rmasligi uchun biz BTRni to‘xtatdik. BTRni aholini ustiga qarab haydashimiz yoki ularga qarab o‘q uzishimiz ham mumkin edi. Bu qo‘limizdan kelardi, vijdon yo‘l qo‘ymadi. Hech qachon ortga chekinmaymiz, deb qasamyod qilganmiz. Harbiy libosni kiydikmi, oxirigacha, so‘nggi qonimiz qolgunicha xizmat qilamiz”, deydi u. 

Yana bir askarning aytishicha, namoyishchilar harbiylarga ko‘plab zarbalar bergan. 

“Usti boshim qon. Orqa tarafdan bosh va yelka qismlarimga juda ko‘p zarba berildi. Qo‘limizda jangovar qurol bo‘lmasa ham, ustimizda harbiy forma bor edi. U menga qandaydir kuch berdi. Namoyishchilar harbiy kiyimingni yechasan deb yopishdi, lekin men yechishga ham harakat qilmadim”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.

Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi. 

Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.

4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.

Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

409

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing