Qirg‘izistonda ayol kishi davlat to‘ntarishi uyushtirayotgani aniqlandi
Olam
−
10 iyun 2023 15053 2 daqiqa
Qirg‘izistonda rejalashtirilgan davlat to‘ntarishi ishtirokchilarining hibsga olinishi tafsilotlari ma’lum bo‘ldi. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Bishkekda hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan tortib olish maqsadida ommaviy tartibsizliklar uyushtirish rejalashtirilganini tasdiqladi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, tashkilotchi va g‘oyaviy ilhomlantiruvchi “Eldik Kenesh” siyosiy partiyasi raisi Roza Nurmatova bo‘lgan. Yil davomida u maqsadli ravishda tarafdorlarini jalb qilgan va eng norozi fuqarolardan jami 100 ga yaqin kishini to‘plagan.
Ta’kidlanishicha, jinoiy guruh xorijdan mablag‘ olib, mamlakatdagi hokimiyatni qo‘lga kiritishi, har qanday voqeadan jamoatchilik noroziligi uchun foydalanib, hokimiyatni egallashi kerak bo‘lgan.

Xavfsizlik xizmatlari tomonidan video ham e’lon qilingan. Unda hibsga olinganlarning davlat to‘ntarishi rejasini muhokama qilayotgani tasvirlangan. Videoda Roza Nurmatovaning o‘zgarishlar bo‘ladimi, deb so‘ragani eshitiladi. Bir necha soniyadan keyin esa u tartibsizlik bo‘lishi tayinligini aytgan.
“Bu holatda bizning rolimiz qanday bo‘ladi? Yigitlar bor, har biriga o‘n kishidan to‘g‘ri keladi. Masalan, bizda har biriga 10 mingdan to‘laydiganlar bor”, deydi u.
Bundan tashqari, Roza Nurmatova yorib o‘tish, qo‘lga olish kerakligini ham ta’kidlagan.
“Masalan, men bunga ich-ichimdan tayyorman. Qancha yigit borligini allaqachon bilishingiz kerak, bizga raqam kerak, jismoniy kuch ham kerak”, degan Nurmatova.
Shuningdek, videoda kadr ortidagi yana bir shaxsning o‘zi va yana 10 kishi Manas qishlog‘ini allaqachon tark etgani haqida gapirganini eshitish mumkin.
“Men yigitlarni yig‘ib oldim, juda kech edi. Men ularni Talasda qoldirmoqchi edim, ular xohlamadilar, pullari yo‘q ekan. Shunday qilib, hammani o‘zim yig‘dim. Bugun juda kech, ertaga uchrashamiz”, degan noma’lum shaxs videoda.
Ma’lumot uchun, Roza Nurmatova 64 yoshda. U 2010 yilda o‘z partiyasini tashkil etgan. 2011 yilda esa Qirg‘iziston prezidentligiga nomzod Qamchibek Tashiyevning ishonchli vakili bo‘lgan. 2012 yilga kelib Sadir Japarov va Qamchibek Tashiyev tarafdorlari shtabiga rahbarlik qilgan. Sadir Japarov, Qamchibek Tashiyev va Talant Mamitov hibsga olingandan so‘ng, u mitingda qatnashgan va Qamchibek Tashiyevni faol himoya qilgan. Bundan tashqari, Nurmatova davlat apparatida ijtimoiy bo‘lim boshlig‘i lavozimida ham ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 iyun kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari “ehtimoliy davlat to‘ntarishi ishtirokchilari”ni ommaviy hibsga olgan edi. Keyinchalik xavfsizlik xizmati tomonidan jami 30 kishi hibsga olingani, ulardan besh nafari fitnani tan olgan aytildi.