Qamoqdagi Istanbul sobiq meri Imomo‘g‘li yangi muxolifat partiyasiga qo‘shildi
Olam
−
11:29 953 2 daqiqa
Qamoqda saqlanayotgan Istanbulning sobiq meri Ekrem Imomo‘g‘li Turkiyadagi siyosiy beqarorlik va muxolifatdagi bo‘linishlar fonida yangi tashkil etilgan “Yangi partiya” safiga qo‘shilganini ma’lum qildi. Bu haqda u X ijtimoiy tarmog‘idaga sahifasida yozdi.
Imomo‘g‘li, shuningdek, 17 yildan beri a’zo bo‘lgan Jumhuriyat xalq partiyasini (CHP) tark etganini bildirgan.
“Men Jumhuriyat xalq partiyasidagi 17 yillik a’zoligimdan iste’foga chiqyapman. Bu qaror mamlakatimiz kelajagi haqidagi qadriyatlarim va xalqimiz oldidagi mas’uliyatim natijasidir”, degan Ekrem Imomo‘g‘li.
U “Yangi partiya” haqida gapirar ekan, tuzilma Turkiyada yanada kuchli, demokratik va umidli kelajak qurish uchun yangi yo‘l ochayotganini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Imomo‘g‘li Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi hisoblanadi. U korrupsiyaga oid, o‘zi inkor qilayotgan ayblovlar bo‘yicha bir yildan ortiq vaqtdan beri qamoqda saqlanmoqda.
Imomo‘g‘li 2025 yil mart oyida qo‘lga olinganidan bir necha kun o‘tib, CHP’ning prezidentlikka nomzodi sifatida partiya ichidagi ovoz berishda saylangan. Biroq prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun talab etiladigan universitet diplomi u hibsga olinishidan bir kun oldin Istanbul universiteti tomonidan bekor qilingan.
Yangi partiya o‘tgan oyda Turkiya muxolifati yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel va yana 90 nafar partiyadan ajralib chiqqan deputat tomonidan tashkil etilgan. Ular CHP raisi lavozimidan sud qarori bilan chetlatilganidan so‘ng, Prezident Erdo‘g‘anga qarshi kurashish uchun muxolifatni qayta birlashtirishni maqsad qilgan.
Ayni paytda parlamentda ikkinchi yirik partiyaga aylangan “Yangi partiya” CHP saylovchilarining katta qismini o‘z safiga jalb qilishi va Erdo‘g‘anga yangi siyosiy raqobat yaratishi kutilmoqda. Biroq muxolifatning yanada bo‘linishi Erdo‘g‘anning hokimiyatdagi 23 yillik davrini uzaytirish imkoniyatini ham oshirishi mumkin.
Turkiyada navbatdagi saylovlar 2028 yilga rejalashtirilgan, ammo ba’zi faollar saylov muddatidan oldin o‘tkazilishi mumkinligini aytmoqda.
Muxolifat va ayrim huquq tashkilotlari 2024 yildan beri yuzlab saylangan CHP amaldorlari va a’zolarining qamoqqa olinishini siyosiy sabablarga bog‘liq va demokratik tamoyillarga zid choralar sifatida baholagan. Turkiya hukumati esa bu ayblovlarni rad etib, sud tizimi mustaqil ekanini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 mart kuni Turkiyada Istanbul shahrining sobiq meri, muxolif Jumhuriyat xalq partiyasi a’zosi Ekrem Imomo‘g‘lining sud jarayoni boshlangan edi.
Live
Barchasi