Isroil Eron televideniyesiga jonli efir paytida zarba berdi (video)
Olam
−
16 iyun 48810 1 daqiqa
Isroil Mudofaa kuchlari (IDF) Eronning IRIN davlat telekanalining tahririyati joylashgan binoga zarba berdi. Mahalliy Telegram kanallari yonayotgan bino tepasida quyuq tutun ko‘tarilayotgani tasvirlarini e’lon qilmoqda va dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar bor.
Avvaliga ekranning chap tomonida Tehronning umumiy panoramasi bilan zarba chaqnashlari paydo bo‘ldi, so‘ngra studiyadan translyatsiya olib borilayotgan o‘ng tomonda fon ekrani o‘chirildi, qog‘oz parchalari uchib ketdi, keyin esa boshlovchi studiyani tark etdi. Ko‘p o‘tmay kadr kul bilan qoplandi va eshittirish bir necha soniyaga to‘xtatildi.
Bundan oldin ID Eron poytaxtining telekanal tahririyati joylashgan tumaniga zarba berishni rejalashtirayotgani haqida rasmiy ogohlantirgan va tuman aholisini zudlik bilan tark etishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, 16 iyun tongida Eronning navbatdagi raketa hujumi oqibatida Isroilda 4 kishi halok bo‘lgandi, qariyb 90 kishi yaralangandi. Halok bo‘lganlar – ikki nafar ayol va ikki nafar taxminan 70 yoshli erkak. Shuningdek, 30 yoshli ayol og‘ir ahvolda, yana 5 kishi o‘rtacha darajadagi jarohat bilan shifoxonaga yotqizilgan.