Yaqin Sharqda yadro mojarosi: Eron yadroviy dasturi haqida nimalar ma’lum?

Tahlil

image

Mamlakatlar o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarga o‘rganib qolgan zamonaviy dunyo e’tibori navbatdagi mojaroga guvoh bo‘lib turibdi.  So‘nggi o‘n yilliklarda xalqaro xavfsizlik kun tartibida doimiy muammo bo‘lib kelgan Eron yadroviy dasturi bugun yana global e’tibor markaziga qaytdi. 13 iyun kuni Isroil tomonidan amalga oshirilgan keskin harbiy hujumlar bu masalani yangi bosqichga olib chiqdi. O‘t ochish faqat ikki davlat o‘rtasidagi nizo emas, bu urush xavfi butun Yaqin Sharq mintaqasida yadro inqirozi yuzaga kelishi ehtimolini kuchaytiradi. Eron yadro dasturining tabiati xoh tinchlik bo‘lsin, xoh qurollanish nafaqat geosiyosiy manfaatlar, balki global xavfsizlik va xalqaro huquq mezonlariga oid fundamental savollarni o‘rtaga qo‘ymoqda. Maqolada aynan shu murakkab masalaning tarixiy ildizlari, siyosiy tafsilotlari va bugungi holatini tahlili haqida so‘z boradi.

Isroilning Eron yadroviy ob’ektlari, olimlari va harbiy yetakchilariga hujumi

O‘nlab yillik tahdidlardan so‘ng, 13 iyun kuni Isroil hujum boshladi va Bosh vazir Binyamin Netanyaxu bu operatsiya Eronning yadroviy qurollanish dasturiga zarba ekanini aytdi. Biroq AQSH razvedkasi hamda boshqa xalqaro baholashlarga ko‘ra, Eronning hozirgi yadroviy dasturi harbiylashtirilmagan. Tehron ham atom bombasi yasash niyati yo‘qligini ta’kidlab kelmoqda. Shunga qaramay, bu Eron bombani yarata olmasligini anglatmaydi.

Eron o‘n yillab o‘zining yadroviy dasturini rivojlantirib kelmoqda va uni milliy g‘urur va suverenitet timsoli sifatida ko‘radi. Mamlakat bu dastur faqat tinch energiya maqsadlariga xizmat qilishini, ichki energiya ehtiyojlarini qondirish va eksport uchun ko‘proq neft ajratish maqsadida qo‘shimcha atom elektr stansiyalari qurishni rejalashtirayotganini aytib keladi.

Uran yadroviy elektr stansiyalariga yoqilg‘i sifatida zarur modda bo‘lib, BMTning yadroviy kuzatuv agentligiga ko‘ra, Eronnikidek uranga ega bo‘lgan boshqa biror davlat yo‘qki, u yadro qurollari dasturiga ega bo‘lmasa. Bu qarash Eron o‘z maqsadlarini yashirmoqda, degan shubhalarni kuchaytiradi.

Eron yadroviy dasturi qachon boshlangan?

1957 yilda AQSH va Eron “Atoms for Peace” (“Tinchlik uchun atom”) yadroviy dasturi bo‘yicha hamkorlikni boshlagan. Eron o‘sha paytda AQSHning ishonchli do‘stlaridan bo‘lgan, uni G‘arb bilan yaqin aloqalarga ega shoh Muhammad Rizo Pahlaviy boshqargan. AQSH yordami bilan Eron 1970 yillarda yadroviy energiya dasturini rivojlantira boshladi. Ammo 1979 yilda korrupsiya va ijtimoiy tengsizlik oqibatida dindor, talaba va o‘rta sinf qatlamidan iborat eronliklar inqilob o‘tkazdi va g‘arbparastlikda ayblangan shoh ag‘darilib, mamlakat islom davlatiga aylantirildi. Shundan so‘ng, AQSH turli jabhalardagi yordamini to‘xtatdi.

CNN nashrining yozishicha, Islom Respublikasiga aylangan Eronning yadroviy imkoniyatlaridan G‘arb davlatlari xavotirda, chunki bu dastur orqali boyitilgan urandan atom bombasi ishlab chiqarish mumkin. Eron esa yadroviy qurol yasash niyati yo‘qligini ta’kidlaydi. U BMTning Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomasiga a’zo bo‘lib, bomba ishlab chiqmaslik majburiyatini olgan.

Eron yadroviy inshootlari qayerda joylashgan?

Isroil zarbalari eng yirik uran boyitish markazi Natanzga qaratilgan, ammo yetkazilgan zarar darajasi hozircha noma’lum. Eron 1960 yillardan beri yadroviy infratuzilmani rivojlantirish ustida ishlab keladi, ba’zan buni yer ostida joylashgan ob’ektlarda yashirincha amalga oshiradi. Mamlakat uran qazib olishdan tortib, boyitishgacha bo‘lgan deyarli barcha bosqichlarni o‘zi bajara oladi.

Nega bu dastur shunchalik bahsli?

Eron yadroviy dasturi atrofidagi eng katta tortishuv bu uran boyitish jarayoni bilan bog‘liq. Bu jarayon elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi stansiyalar uchun yoqilg‘i tayyorlashda ishlatiladi, biroq agar yuqori darajada boyitilsa, undan yadroviy bomba ham yasash mumkin.

2000 yillarning boshlarida xalqaro inspektorlar Natanzdagi zavodda yuqori darajada boyitilgan uran izlari topilganini e’lon qildi. Shundan so‘ng, Eron uranni boyitish ishlarini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lgan, ammo 2006 yilda yana harakatlarni davom ettirib, bu Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) bilan imzolangan kelishuvlarga zid emasligini bildirgan. Bu esa Eron ustidan yillar davomida xalqaro sanksiyalar joriy etilishiga sabab bo‘lgan.

Ko‘p yillik muzokaralardan so‘ng, 2015 yilda Eron va P5+1 (AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Rossiya, Xitoy va Germaniya) yadroviy kelishuvga erishdi. Unda Eron yadroviy tahdidi kamaytirilishi evaziga sanksiyalarning yengillashtirilishi belgilangan edi. Kelishuvga binoan, Eron uran boyitish darajasini 3,67% dan oshirmasligi, uran zaxiralarini keskin kamaytirishi va sentrifuga (uranni boyitish uchun ishlatiladigan mashina)larni bosqichma-bosqich tugatishi lozim edi.

Uran faqat 90% tozalik darajasiga yetganida bomba uchun yaroqli bo‘ladi. Elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi yadroviy stansiyalar uchun esa 3,5% dan 5% gacha boyitilgan uran yetarli.

Eron yadroviy qurolga egami?

Real holatda Eronning yadroviy bomba yasashga qanchalik yaqinligi aniq emas, biroq bu mamlakat yadro qurolini yaratish borasida muhim bosqich – yuqori darajada boyitilgan uran ishlab chiqarishni bosib o‘tdi. So‘nggi yillarda Eron qurol darajasiga yetadigan uran miqdorini ishlab chiqarish vaqtini keskin qisqartirdi. Hozirda u bitta bomba uchun yetarli materialni atigi bir haftada tayyorlashi mumkin.

AQSH Prezidenti Donald Tramp 2018 yil, o‘zining birinchi prezidentlik davrida Eron yadroviy kelishuvidan chiqib, mamlakat iqtisodiyotini izdan chiqarish maqsadida sanksiyalarni kuchaytirdi. Bunga javoban Tehron kelishuvning ayrim bandlariga endi rioya qilinmasligini e’lon qildi va uran boyitish, zaxira yig‘ish hamda ilg‘or sentrifugalardan foydalanishni boshlab yubordi. Shuningdek, ilgari o‘rnatilgan XAEA kuzatuv va monitoring jihozlarini olib tashladi. Keyinchalik Bayden ma’muriyati yadroviy kelishuvni tiklash maqsadida Eron bilan bir yildan ortiq davom etgan bilvosita muzokaralarni boshladi, ammo bu muzokaralar 2022 yilda natijasiz yakunlandi.

2023 yilda XAEA Eron yadroviy inshootida 83,7% darajagacha boyitilgan uran zarrachalarini aniqladi, bu bomba darajasiga yaqin ko‘rsatkich edi. Shuningdek, 60% gacha boyitilgan uran zaxirasi 128,3 kilogrammgacha ko‘paygani qayd etildi, bu agentlik hujjatlashtirgan eng yuqori miqdor edi. O‘tgan yili AQSH Eronga nisbatan “breakout time”, ya’ni yadroviy bomba uchun yetarli material ishlab chiqarish uchun zarur vaqtni “bir yoki ikki haftagacha” deb ta’kidladi.

XAEAning o‘tgan oy oxiridagi hisobotiga ko‘ra, Eronning 60% darajagacha boyitilgan uran zaxirasi hozirda 408 kilogrammga yetgan. Agentlik mezonlariga ko‘ra, bu miqdor to‘liq qurol darajasigacha boyitilsa, 9 ta yadroviy bomba uchun yetarli bo‘ladi.

Boyitilgan uran o‘zi nima?

Boyitish bu yadroviy reaktorlarni quvvatlantirishda va yuqori darajada to‘planganda yadroviy qurol yasashda ishlatiladigan maxsus uran shakli – uran-235 miqdorini ko‘paytirish jarayonidir. Tabiiy uranning 99,3% qismini uran-238 tashkil qiladi, bu na elektr energiyasi va na bomba uchun yaroqli. Faqat 0,7% uran-235 bo‘lib, energiya chiqarishda aynan shu izotop ishlatiladi.

Atom energiyasi ishlab chiqarish uchun shu 0,7% uran-235 ni konsentratsiyalash kerak bo‘ladi. Buning uchun uran avval gaz holatiga o‘tkaziladi, so‘ng yuqori tezlikda aylanuvchi sentrifugalarda aylantiriladi. Bu mashinalar uran-235 ni uran-238 dan ajratib oladi, aynan shu jarayon boyitish deb ataladi. Atom elektr stansiyalarida ishlatiladigan uran odatda 3,67% darajagacha boyitiladi. Yadroviy bomba yasash uchun esa uranning boyitilish darajasi 90% gacha yetishi kerak.

Sentrifugalar uranni boyitish uchun juda muhim, u qanchalik ilg‘or bo‘lsa, uran-235 ni shunchalik tez va samarali ajrata oladi, bu esa yadroviy yoqilg‘i yoki hatto qurol tayyorlash vaqtini sezilarli qisqartiradi. Eron sentrifuga texnologiyasini o‘tgan o‘n yilliklar davomida rivojlantirib kelmoqda. 1980 yillarda IR-1 modelidan boshlab, hozirda IR-6 va IR-9 kabi ilg‘or modellardan minglab nusxada foydalanmoqda.

Qurollar nazorati uyushmasi (Arms Control Association) ma’lumotiga ko‘ra, Eron bugungi kunda mavjud sentrifuga quvvati bilan bomba uchun zarur boyitilgan uranni ikki haftadan kam vaqt ichida ishlab chiqarishi mumkin.

Eron yadroviy dasturiga qanday zarba berilgan?

Tehrondan 250 kilometr janubda joylashgan Natanz yadroviy majmuasi olov ichida qoldirilgani aytilmoqda. Bu kompleks Eronning eng yirik uran boyitish markazi hisoblanadi. Tahlilchilarning fikricha, bu yerda boyitish uchun zarur sentrifugalar ishlab chiqariladi va yig‘iladi.

XAEA ma’lumotlariga ko‘ra, qolgan uchta yadroviy inshoot – Fordo, Isfahon va Bushehr zarar ko‘rmagan.

Turli manbalarda Isroil zarbalari oqibatida Eronning 6 dan 14 nafargacha bo‘lgan yadro olimlari halok bo‘lgani aytilmoqda. CNN bilan suhbatlashgan harbiy ekspertlar ta’kidicha, Eron o‘z yadroviy inshootlarini harbiy hujumlardan himoya qilish uchun yillar davomida mustahkamlab kelgan. Ba’zi ob’ektlar yerostiga qurilgan bo‘lib, Isroil qurollari yetib bora olmaydigan darajada chuqur joylashgan.

Eron yadroviy dasturiga doir bahslar tarixiy, siyosiy va texnologik darajalarda kesishmoqda. Eron o‘zining bu sohadagi faoliyatini energetika ehtiyojlari va milliy suverenitet ramzi sifatida ko‘rsatsa, G‘arb mamlakatlari, AQSH va Isroil uni xavfli harbiy salohiyat deb baholamoqda. 2015 yildagi yadroviy kelishuv bu qarama-qarshilikka vaqtincha muvozanat kiritgandek bo‘ldi, biroq Tramp ma’muriyatining shartnomadan chiqishi va Tehronning so‘nggi yillardagi boyitish darajasini oshirish harakatlari mintaqada xavf omillarini yanada kuchaytirdi. Isroilning so‘nggi hujumi esa bu murakkablikni keskinlashtirdi. Eron hozirda texnologik jihatdan yadroviy bomba tayyorlash imkoniyatiga nihoyatda yaqin turibdi, bu esa butun dunyo hamjamiyatidan adolatli va uzoq muddatli yechim topishni talab qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Yaqin Sharq Isroil yadroviy dastur

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing