Hormuz bo‘g‘ozidagi qatnov 30 kunda tiklanishi mumkin

Olam

image

AQSH va Eron urushni yakunlash hamda Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish bo‘yicha kelishuvga yaqinlashdi. Tomonlar 60 kunlik sulhni uzaytirishni nazarda tutuvchi memorandum loyihasini ishlab chiqqan. Bu haqda “The Washington Post” xabar berdi.

Hujjat imzolansa, Eron Hormuz bo‘g‘ozini darhol qayta ochadi va 30 kun ichida dengiz qatnovini urushdan oldingi holatga qaytarish choralarini ko‘radi. Shuningdek, Eron, AQSH va ularning ittifoqchilari barcha frontlarda, jumladan Livanda ham harbiy harakatlarni to‘xtatishini e’lon qilishi ko‘zda tutilgan.

Kelishuv loyihasida Eron yadro quroli yaratmaslik majburiyatini yana bir bor tasdiqlashi va yuqori boyitilgan uran zaxiralaridan voz kechishi belgilangan. AQSH ma’muriyati vakillarining aytishicha, keyingi ikki oy davomida bu uranni yo‘q qilish mexanizmi muhokama qilinadi.

AQSH Prezidenti Donald Tramp esa muzokaralar “tartibli va konstruktiv” tarzda davom etayotganini bildirgan. Unga ko‘ra, yakuniy tafsilotlar hali muhokama qilinmoqda va shoshilish kerak emas.

Eron tomoni esa Hormuz bo‘g‘ozining bosqichma-bosqich ochilishini ma’lum qilgan. Dastlab AQSH Eronning muzlatilgan 12 milliard dollarlik aktivlarini bo‘shatadi, bo‘g‘ozda minalardan tozalash ishlari boshlanadi va AQSH blokadasi yumshatiladi. Bundan tashqari, kelishuv doirasida AQSH Eron neftini eksport qilishga ruxsat beruvchi sanksion istisnolarni ham joriy qilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vashington Tehron bilan urushni tugatish va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Hormuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha kelishuvga juda yaqin turgani to‘g‘risida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Hormuz ochish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing