Internetda Rossiyaning maxfiy yadroviy bazalariga oid hujjatlar tarqalib ketdi

Olam

image

Internetda Rossiyadagi maxfiy yadro inshootlariga oid yirik ma’lumotlar sizib chiqdi. 2 milliondan ortiq hujjat, jumladan, Yasniy shahridagi Strategik raketa kuchlari bazasining to‘liq sxemalari ochiq tarmoqda paydo bo‘lgan. Bu haqda Daniyaning “Danwatch” va Germaniyaning “Der Spiegel” nashrlari xabar berdi.

“Danwatch”ning ma’lumotiga ko‘ra, ushbu hujjatlar orqali Rossiyaning eng qattiq qo‘riqlanadigan yadro ob’ektlarida amalga oshirilayotgan modernizatsiya ko‘lamini baholash mumkin. Sobiq inshootlar ommaviy tarzda buzilib, yuzlab yangi kazarmalar, qo‘riqlash minoralari, boshqaruv markazlari, omborlar va kilometrlab uzunlikdagi yerosti tunnel tarmoqlari barpo etilgan.

Amerika Fanlar federatsiyasi qoshidagi “Yadro ma’lumotlari” loyihasi rahbari Hans Kristensen bu hujjatlarni “mutlaqo aql bovar qilmas” deb atagan va ularning ochiq shaklda bo‘lishi ilgari kuzatilmaganini ta’kidlagan.

Tadqiqotchilar Yasniy shahri yaqinidagi bazani batafsil o‘rganib chiqqan. Kreml bayonotiga ko‘ra, u yerda 2019 yildan boshlab “Avangard” gipertovushli yadroviy raketasi joylashtirilgan. Endi esa bu baza haqida hojatxonadan tortib ovqatlanish xonasigacha, yerosti tunnel yo‘llari, qurol xonalari, axborot texnologiyalari, kuzatuv tizimlari, kameralar, harbiy signalizatsiyalar, himoyalangan deraza va eshiklar, kommunal tarmoqlar, hattoki devorlardagi plakatlar mazmunigacha bo‘lgan tafsilotlar ochilgan.

“To‘xta! Orqaga qayt! Taqiqlangan hudud!”, “Harbiy qasamyod”, “Poyabzalga g‘amxo‘rlik qilish qoidalari” kabi yozuvlar bor inshoot devorlarida.

Shuningdek, harbiylar foydalanadigan sport anjomlari, bo‘sh vaqtlarda shaxmat va shashka o‘ynashlari haqida ma’lumotlar ham oshkor bo‘lgan. Buyuk Britaniya harbiy razvedkasi sobiq polkovnigi Filipp Ingram bunday hujjatlar “yuqori darajadagi razvedka”ga teng bo‘lishi mumkinligini, hatto zaif joylarni aniqlash va hujum rejalarini tuzish imkonini berishini aytgan.

Norvegiya harbiy akademiyasi qoshidagi shtab kolleji katta o‘qituvchisi Tom Ryoset Rossiyaning yadro salohiyati G‘arb razvedka xizmatlari tomonidan diqqat bilan kuzatilayotganini ma’lum qilgan.

“Rossiya yadro qurollariga tobora ko‘proq tayana boshladi va ularni G‘arbga qarshi asosiy tiyib turuvchi omil sifatida ko‘ryapti”, deya bayonot bergan Daniya harbiy razvedkasi.

Qayd etilishicha, 2020 yil dekabrida Rossiya Davlat dumasi harbiy sohadagi davlat xaridlarini soddalashtirish o‘rniga yopiq tizimga o‘tkazgan. Mudofaa vazirligi faqat ishonchli kompaniyalar uchun mo‘ljallangan maxfiy elektron bazani yaratgan. Biroq bu axborot sizishining oldini ola olmagan – kompaniyalar yillar davomida maxfiy hujjatlarni ochiq e’lon qilgan.

“Danwatch” va “Der Spiegel” 2024 yil yozida e’lon qilingan bir qancha tender hujjatlariga ilova qilingan strategik bazalarning maxfiy chizmalarini aniqlagan.

“Rossiyaning strategik raketa kuchlari – bu harbiy zaxiraning “oxirgi chorasi” bo‘lib, faqat barcha umidlar yo‘qolganda ishga tushiriladi. Yasniydagi ikki baza hozirda yuqori jangovar holatda, ammo xavfsizlikning bu darajadagi buzilishi tufayli Rossiya bu inshootlarni qayta qurishi zarur bo‘lishi mumkin. Bunday qayta qurilishlar esa nihoyatda katta xarajatlarga tushadi”, deydi Tom Ryoset.

Rossiya Mudofaa vazirligi hali bu borada izoh bermagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniyaning Nyukasl shahri ko‘chalaridan birida harbiylar haqida maxfiy ma’lumotlar yozilgan hujjatlar uyum-uyum bo‘lib sochilib yotgani aniqlangandi. Ular askarlarning harbiy unvonlari, elektron pochta manzillari, navbatchilik jadvallari, qurol-aslaha taqsimoti tafsilotlari hamda qurol omborlariga kirish va signalizatsiya tizimi haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya maxfiy baza yadroviy baza Yasniy shahri

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing