Imomo‘g‘li prokurorga tahdid qilgani uchun sudga keltirildi

Olam

image

Hibsga olingan sobiq Istanbul hokimi va Turkiya muxolifati vakili Ekrem Imomo‘g‘li kecha, 11 aprel kuni birinchi marta sudga olib borildi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.

U shahar Bosh prokurorini haqorat qilish va tahdid qilishda ayblanmoqda. Sobiq hokim 7 yil-u 4 oygacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Birinchi sud majlisida Imomo‘g‘li o‘z aybini rad etib, unga qarshi barcha da’volar siyosiy sabablarga ko‘ra ekanini qo‘shimcha qildi.

“Men Istanbulda uchta saylovda g‘alaba qozonganim, 86 million aholining qalbidagi prezident bo‘lganim uchun shu yerdaman”, dedi u.

Ish bo‘yicha navbatdagi sud majlisi shu yilning 16 iyuniga belgilangan.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi hisoblangan Ekrem Imomo‘g‘li joriy yilning 19 mart kuni poraxo‘rlik va jinoiy tashkilot yuritishda gumonlanib hibsga olingan edi. Turkiyaning davlatga qarashli “Anadolu” agentligining xabar berishicha, siyosatchi terrorchilikda ayblanib, tergov qilinmoqda. Xususan, u Turkiyada taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasini qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblanmoqda.

23 mart kuni ertalab Imomo‘g‘li sud qarori bilan hibsga olingan. Shu kuni Respublika Xalq partiyasi Imomo‘g‘lini Turkiya prezidentligiga nomzod qilib ko‘rsatdi va u nomzodlikka tasdiqlandi. Praymerizlar davomida uning nomzodini 13,2 million fuqaro qo‘llab-quvvatladi – bu ro‘yxatga kiritilgan barcha saylovchilarning qariyb 20 foiziga teng.

Imomo‘g‘lining ta’qib qilinishi Turkiyada 2013 yildan beri eng yirik norozilik to‘lqiniga sabab bo‘ldi. Sobiq hokim hibsga olinganidan keyingi 10 kun ichida butun mamlakat bo‘ylab uni qo‘llab-quvvatlovchi 220 ga yaqin namoyish bo‘lib o‘tdi.

Erdo‘g‘anni qulatishi mumkin bo‘lgan shaxs. Istanbul hokimi kim o‘zi? north_east

Erdo‘g‘anni qulatishi mumkin bo‘lgan shaxs. Istanbul hokimi kim o‘zi?

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyi o‘rtalarida Istanbul shahrining sobiq hokimi, muxolifatdagi “Jumhuriyat Xalq” partiyasi a’zosi Ekrem Imomo‘g‘li Anqarada so‘zlagan nutqida Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘anning davri tugaganini aytgandi. U Erdo‘g‘an siyosati faqatgina yomonlik keltirganini ta’kidlagandi. 19 mart kuni maxsus operatsiya davomida Imomo‘g‘li va uning matbuot bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchisi Murat Ongun qo‘lga olindi. Mazkur holat Turkiyada namoyishlarga ham sabab bo‘ldi. Adliya vaziri Yilmaz Tunch voqealar yuzasidan tegishli bayonotini e’lon qildi va Imomo‘g‘lining ishiga Erdo‘g‘anning aloqasi yo‘q ekanini aytib chiqdi.

Korrupsiya va terrorizm ishi bo‘yicha hibsga olingan Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘li 22 mart kuni o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etdi. O‘sha kuni u sud binosiga olib borildi. Bosh prokuratura sud binosiga yuborilgan 90 nafar gumondor uchun 30 nafar prokuror tayinladi. Asta-sekin Imomo‘g‘li bilan bog‘liq sud qarorlari e’lon qilina boshlandi. Shundan so‘ng, Imomo‘g‘li aholini 23 mart kuni o‘tkaziladigan ommaviy mitinglarda qatnashishga chaqirdi.


Maqola muallifi

Teglar

sud prokuror Turkiya Ekrem Imomo'g'li Istanbul hokimi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing