Iqtisod, migratsiya va bosim ortidan Trampning hal qiluvchi nutqi yangraydi
Olam
−
24 fevral 4061 2 daqiqa
AQSH yetakchisi Donald Tramp Kongress oldidagi navbatdagi murojaatini Prezidentligi uchun hal qiluvchi pallada yo‘llaydi. So‘nggi bir yilda u ijro hokimiyati vakolatlarini kengaytirish, migratsiyani keskin cheklash, tashqi ittifoqlarni qayta ko‘rib chiqish va prezidentlik instituti rolini qayta belgilashga qaratilgan shiddatli kun tartibini amalga oshirgan. Biroq bu qadamlar jamiyatda birdek qabul qilinmagan va keskin bahslarga sabab bo‘lgan. Bu haqda “BBC” yozdi.
Ijtimoiy so‘rovlar uning ikkinchi muddatida qo‘llab-quvvatlash pasayganini ko‘rsatmoqda. Kuzgi oraliq saylovlar arafasida bu murojaat Tramp uchun jamoatchilik ishonchini mustahkamlashga qaratilgan yagona yirik maydon hisoblanadi. Respublikachilar Kongressda ustunlikni saqlab qolish yoki nazoratni demokratlarga boy berish ehtimoliga duch kelmoqda.
Iqtisodiyot va migratsiya masalalari an’anaviy ravishda Trampning kuchli nuqtalari edi, ammo oxirgi qarorlar, jumladan, yuqori bojlar va federal reydlar jamoatchilik fikrida ikkilanish uyg‘otgan. Oliy sudning ayrim tariflarni noqonuniy deb topishi savdo siyosati atrofida yangi noaniqliklarni keltirib chiqargan. Inflyatsiya pasaygan bo‘lsa-da, aholi kutgan narx tushishi hali sezilarli emas.
.jpg)
Ma’muriyatning migratsiya siyosati ham qarshiliklarga uchramoqda. Ayrim shaharlardagi reydlar ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgan, Kongressda esa xavfsizlik idoralarini moliyalashtirish yuzasidan tortishuv davom etmoqda. Iqtisodiy “arzonchilik” kun tartibi, kredit foizlarini cheklash yoki uy-joy taklifini oshirish kabi tashabbuslar esa hozircha amaliy natija bermagan.
Shu sharoitda Tramp murojaat orqali o‘z dasturini keng jamoatchilikka qayta taqdim etish imkoniga ega. Tahlilchilarga ko‘ra, u odatdagi kabi yutuqlarni urg‘ulab, tanqidchilarga qarshi keskin pozitsiyani saqlab qolishi mumkin. Ammo bu gal vaziyat boshqacha.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp yangi global import bojlarini 15 foizgacha oshirmoqchi ekanini aytgan edi.