Fransiyada jazirama sabab qariyb ming kishi vafot etdi
Olam
−
29 iyun 64360 2 daqiqa
Fransiyada rekord darajadagi issiq to‘lqini oqibatida qariyb 1000 ta o‘lim holati qayd etildi. Bu haqda “France 24” xabar berdi.
Fransiya Jamoat salomatligi agentligiga ko‘ra, joriy yil 24 iyundan buyon qayd etilgan o‘limlar soni avvalgi oylar ko‘rsatkichlariga nisbatan qariyb 1000 taga ko‘paygan. Ushbu raqamlar dastlabki hisob-kitoblarga asoslangan bo‘lib, yakuniy ma’lumotlarda qurbonlar soni bundan ham yuqori bo‘lishi mumkinligi aytilgan.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, jazirama ko‘proq keksalar, surunkali kasalliklarga chalinganlar va zaif qatlam vakillari uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Qayd etilishicha, vafot etganlarning 85 foizi 65 yosh va undan katta bo‘lgan fuqarolar sanaladi. Eng ko‘p o‘lim holatlari qizil ogohlantirish e’lon qilingan hududlarda, xususan, Parij va uning atrofini qamrab olgan Il-de-Frans mintaqasida kuzatilgan. Shuningdek, o‘limlarning katta qismi uy sharoitida sodir bo‘lgani aytilmoqda.
Agentlik bu holat yolg‘iz yashovchi va ijtimoiy yakkalanib qolgan insonlarga ko‘proq e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatishini ta’kidlagan. Ayniqsa, yirik shaharlarda bunday fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash va ularga yordam ko‘rsatish bo‘yicha birdamlik choralarini kuchaytirishga chaqirilgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Yevropa hozir dunyodagi eng tez isib borayotgan qit’a ekanini ta’kidlab, hukumatlarni aholini ekstremal issiqdan himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rishga chaqirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday ob-havo hodisalari kelgusida yanada tez-tez kuzatilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya poytaxti Parijda anomal issiqlik fonida bir sutka ichida 109 ta o‘lim holati qayd etilgan edi.
Live
Barchasi