Fransiyada o‘quvchilar isyoni: 2 mingga yaqin odam ushlandi, maktablar yopildi (foto)
Olam
−
18:16 136 2 daqiqa
Fransiyada maktablardagi sharoit va ta’lim uchun ajratilayotgan mablag‘lardan norozi o‘quvchilarning namoyishlari kuchayib, politsiya bilan to‘qnashuvlar yuz berdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 2 oktyabr kuni mamlakatning bir qator shaharlarida namoyishlar davom etgan. Strasburgda politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan, Marselda namoyishchilar politsiya saflariga pirotexnika vositalarini otgan, Renn shahrida esa chiqindi qutilariga o‘t qo‘yilgan.

Namoyishlar dastlab Parij hududida boshlangan bo‘lsa, keyinchalik mamlakat bo‘ylab tarqalgan. Adliya vaziri Jerald Darmanenning ma’lum qilishicha, noroziliklar boshlanganidan beri 2 mingga yaqin kishi hibsga olingan. Ularning aksariyati o‘smirlar bo‘lgan. Shuningdek, tartibsizliklar sabab 400 ga yaqin maktab 2 oktyabr kuni faoliyatini to‘xtatgan. Bu mamlakatdagi o‘rta maktablarning qariyb o‘ndan bir qismini tashkil etadi.

O‘quvchilar sinflarning haddan tashqari gavjumligi, o‘qituvchilar yetishmasligi va maktab binolarining ta’mirtalab holatidan norozilik bildirmoqda. Ular ta’lim tizimiga ko‘proq mablag‘ ajratilishi, o‘qituvchilar, jumladan, o‘rinbosar pedagoglar sonini ko‘paytirish hamda o‘qish sharoitlarini yaxshilashni talab qilmoqda.

Fransiya hukumati tomonidan taqdim etilgan 2027 yilgi byudjet loyihasida ta’lim sohasi uchun xarajatlarni 1,7 foizga oshirish ko‘zda tutilgan. Biroq bu ko‘rsatkich inflyatsiya darajasidan past.

Namoyishlar vaqtida politsiya tomonidan kuch ishlatilgani yuzasidan ham e’tirozlar bildirilgan. O‘quvchilar va huquq faollari voyaga yetmaganlarga nisbatan tayoq, ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va boshqa maxsus vositalar qo‘llanganini tanqid qilgan. Fransiya Ichki ishlar vazirligi politsiyaning namoyishchilar bilan muomalasi bo‘yicha uchta tergov boshlanganini ma’lum qilgan.

Adliya vaziri ota-onalar farzandlari tomonidan yetkazilgan moddiy zararni qoplashga majbur qilinishi kerakligini aytgan. Ta’lim vaziri Eduard Jefre esa ota-onalarni farzandlarini ko‘chalardagi namoyishlarda qatnashishdan qaytarishga chaqirgan.
Namoyishlar qo‘shni Belgiyaga ham tarqalish alomatlarini ko‘rsatgan. Lej shahrida ayrim maktab o‘quvchilari 1 oktyabr kuni norozilik namoyishlarini boshlagan, 2 oktyabr kuni esa shahardagi maktablar yopilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyada o‘quvchilar namoyishlari vaqtida kamida ikki maktabda yong‘in chiqqani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi