Fransiya Rossiya dronlari nishoniga aylanishi mumkin – Makron
Olam
−
11:31 1003 2 daqiqa
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Rossiya Yevropadagi dushmanona harakatlarini kuchaytirgani sababli vaziyat tobora keskinlashayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya ham Rossiya dronlari nishoniga aylanishi mumkin. Bu haqda u kecha, 24 sentyabr kuni TF1 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Makronning aytishicha, AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) Fransiyaga Rossiya Janubiy Yevropa davlatlariga hujum qilish uchun fuqarolik kemalaridan foydalanib, ulardan dron uchirishni rejalashtirayotgani haqida ma’lumot bermagan.
“Ha, vaziyat haqiqatan ham tobora keskinlashmoqda. Bu 2022 yil fevralidan beri Rossiya bilan urush olib borayotgan Ukrainaga ham, so‘nggi haftalarda Rossiyaning Yevropa bo‘ylab dushmanona harakatlari kuchaygani tufayli biz, yevropaliklarga ham taalluqli”, degan Makron.
Jurnalistlar Fransiya ham Germaniyaning Leypsig shahridagi aeroportida Rossiya tomonidan dronlar yordamida diversiya tayyorlangani haqidagi da’volarga o‘xshash hujumga uchrashi mumkinmi, deb so‘ragan.
“Javobim – ha. Rossiya Yevropani Ukraina uchun strategik tayanch hudud sifatida ko‘radi, chunki Yevropa davlatlari Ukrainaga yordam bermoqda. Biz bir necha yildan beri axborot va kiberhujumlarga duch kelmoqdamiz. Fransiyada hozircha Leypsigda sodir bo‘lgan kabi hujumlar kuzatilmagan. Ammo tahdidning rivojlanishini xolis baholashimiz va bunga tayyorlanishimiz kerak”, degan Fransiya Prezidenti.
Makron, shuningdek, Rossiyaning 300 ming kishini safarbar qilishi ehtimolini real ssenariy sifatida ko‘rayotganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, Rossiya bunday qadamga tayyorlanayotganini ko‘rsatuvchi “bir nechta belgi” mavjud. Biroq asosiy savol Moskva buni rasman e’lon qiladimi yoki yo‘qmi, deya ta’kidlagan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Rossiyaning Yevropa va Fransiyaga qarshi gibrid hujumlar kampaniyasini kuchaytirayotganini aytib, bunga javob qaytarilishini va’da qilgan edi.
Live
Barchasi