Erdo‘g‘an: Turkiya Liviyaga harbiylar yuborishga tayyor
Olam
−
26 dekabr 2019
5754Turkiya Liviyaning Milliy birdamlik hukumatidan tegishli so‘rov bo‘lsa o‘z harbiylarini ushbu arab mamlakatiga yuborish masalasini ko‘rib chiqishga tayyor. Bu haqda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Tunisdagi anjumanda ma’lum qildi.
“Biz hech qachon boshqa bir davlatga o‘sha mamlakat [hukumati] taklifisiz kirmaganmiz. Agar tegishli so‘rov yuborilsa, biz uni ko‘rib chiqamiz”, degan Turkiya yetakchisi.
Bundan tashqari, Erdo‘g‘an Liviyada ayni vaqtda “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasining 2 ming nafar jangchisi borligini aytib o‘tdi. Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, Liviyada Sudandan bo‘lgan jangchilar ham faoliyat yurityapti va ularning soni 5 ming nafardan ko‘proq.
23 dekabr kuni Milliy birdamlik hukumati boshlig‘i Faiz Sarroj rasmiy Anqaraga harbiy yordam so‘rab murojaat qilganini tasdiqladi. Noyabr oyida imzolangan Turkiya-Liviya harbiy sohadagi hamkorlik bo‘yicha memorandum ushbu davlatga quruqlik, dengiz va havoda foydalanish uchun texnika, uskuna va qurollar yetkazib berishni ko‘zda tutadi.
Haftar 12 dekabr kuni Tripoli uchun yakuniy jangga kirishini e’lon qilgandi. Undan avvalroq BMT maxsus vakili Haftar kuchlari Tripolini egallash arafasida ekanini ta’kidlagandi.
Eslatib o‘tamiz, Liviyadagi vaziyatda Rossiya Xalifa Haftar kuchlarini quvvatlantirayotgani iddao qilinyapti. Shuningdek, Chad, Misr, Saudiya Arabistoni kabi davlatlar ham u yoki bu tarafni qo‘llab-quvvatlayapti.
Liviyadagi vaziyat
2011 yilda Liviyada Muammar Qazzofi hokimiyati ag‘darilib, o‘zi o‘ldirilgach, mamlakatda siyosiy inqiroz boshlangan. Liviyada hozirgacha qo‘shhokimiyatchilik hukm suradi.
Sharqda saylangan parlament hokimiyati o‘rnatilgan bo‘lsa, Tripoli va g‘arbni BMT va Yevropa Ittifoqi ko‘magida shakllantirilgan Faiz Sarroj boshliq Milliy birdamlik hukumati boshqaradi.
Sharqdagi hukmron doiralar rasmiy Tripolidan mustaqil va LMA qo‘mondoni Haftar bilan hamkorlik qiladi. Xalifa Haftar Liviyada jangarilar bilan eng uzoq davom etgan urushga boshchilik qilyapti.
LiveBarchasi