Endi futbolchilarni haqorat qilganlar FIFA musobaqalariga chipta ololmaydi
Sport
−
17 noyabr 2025 793 2 daqiqa
FIFA futbolchilar, murabbiylar va amaldorlarga qaratilgan onlayn zo‘ravonlikka qarshi choralarni yanada kuchaytirganini ma’lum qildi. Endilikda ijtimoiy tarmoqlar orqali futbolchilar va murabbiylarga nisbatan haqoratli izoh va post qoldirgan insonlar FIFA musobaqalariga chipta xarid qila olmaydi. Bu haqda tashkilot rasmiy sahifasida xabar berdi.
FIFA’ning 2022 yilda ishga tushgan Ijtimoiy tarmoqlarni himoya qilish xizmati (SMPS) shu yil boshidan buyon platformalarda 30 mingdan ortiq haqoratli postni aniqlagan. Umumiy hisobda bu ko‘rsatkich 65 mingdan oshgan.
2025 yilda Argentina, Braziliya, Fransiya, Polsha, Ispaniya, Buyuk Britaniya va AQSHdan jami 11 nafar shaxs FIFA musobaqalari chog‘ida futbolchilarga nisbatan haqoratli xabarlar yozgani uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan. Bir holat esa Interpolga oshirilgan. Shuningdek, tegishli milliy assotsiatsiyalar keyingi choralarni ko‘rishi uchun ogohlantirilgan.
FIFA “o‘ta haqoratli xatti-harakatlar” sodir etgan shaxslar “qora ro‘yxat”ga kiritilib, kelajakdagi xalqaro musobaqalarga chipta xarid qilish huquqidan mahrum etilishini tasdiqladi.
SMPS xizmatlari bu yili bir nechta yirik musobaqalarda, jumladan, AQSHda o‘tkazilgan klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida qo‘llanildi. Turnir davomida xizmat beshta platformada 2401 ta faol akkauntni kuzatib, 5,9 million postni tahlil qildi, shulardan 179 517 tasini ko‘rib chiqish uchun belgiladi va 20 587 ta post bo‘yicha rasmiy shikoyat yubordi.
“Futbol maydonda ham, tribunalarda ham, internetda ham xavfsiz va inklyuziv bo‘lishi kerak. Suiiste’mollik futbolimizda o‘rin topmaydi. Biz a’zo assotsiatsiyalar, konfederatsiyalar va huquqni muhofaza qilish organlari bilan birgalikda huquqbuzarlarni javobgarlikka tortishda davom etamiz”, deydi FIFA prezidenti Janni Infantino.
SMPS tizimi irqchi, kamsituvchi yoki tahdidli xabarlarni aniqlash, filtrlash va bloklash uchun texnologiya hamda inson moderatsiyasidan foydalanadi. Shu orqali futbolchilar va jamoalarning izdoshlarini zararli kontent ta’siridan himoya qilish ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya va Yevropadan boradigan futbol muxlislari eski tvitlar, mayda jinoyat yozuvlari sabab 2026 yilgi Jahon chempionatida AQSHga kirishda muammolarga duch kelishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi